Jamiyat

Isitish mavsumida 1,7 million ariza ko‘rib chiqildi, 362 ming oilaga kompensatsiya to‘landi

Isitish mavsumida 1,7 million ariza ko‘rib chiqildi, 362 ming oilaga kompensatsiya to‘landi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi 2025/2026-yilgi isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Prezidentning 2025-yil 2-apreldagi qaroriga binoan ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam yetkazilmoqda.

Bu topshiriqni bajarish uchun 1 mln 162 ming nafardan ortiq ehtiyojmand oilalar ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu maqsad uchun 1,2 trln so‘m mablag‘ tijorat banklariga to‘liq moliyalashtirib berildi. 30-oktyabr kuni plastik kartaga ega oilalarga mablag‘lar o‘tkazib berildi, kartasi bo‘lmaganlarga esa “sayyor kassalar” orqali naqd pul tarqatilmoqda.

Bundan tashqari, isitish mavsumida energiya sarfi uchun kompensatsiya olish bo‘yicha tushgan 1,7 million ariza ko‘rib chiqildi. Tekshiruv natijasida bazaviy me’yordan ortiq iste’mol qilgan 362 ming oilaga 21,1 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lab berildi.

Taqqoslash uchun, o‘tgan isitish mavsumida 444 ming oila ariza topshirgan, shundan 208 mingiga 23,3 mlrd so‘m kompensatsiya to‘langan.

Eslatib o‘tamiz, 2-noyabrdan ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘mdan moddiy yordam berish boshlandi. Yordam “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali nafaqa va moddiy yordam oluvchilar, “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilganlar hamda “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatdagi oilalarga beriladi.

“Mahalla yettiligi” qo‘shimcha ro‘yxatga avvalo boquvchisini yo‘qotganlar, I–II guruh nogironligi bor a’zolari bo‘lgan oilalar, nogiron farzandi borlar, gaz va markaziy isitish tizimi mavjud bo‘lmagan ko‘p qavatli uylar aholisi, bir xonadonda 3 yoki undan ortiq oila yashaydiganlar, og‘ir kasallikka chalinganlar, yolg‘iz keksalar va parvarishga muhtoj fuqarolarni kiritadi.