Bolalar ombudsmani Angren shahrida zo‘ravonlikka uchragan 15 yoshli qizning sog‘ligi va psixologik holatini o‘rganish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi. Ma’lum qilinishicha, qizning umumiy ahvoli avvalgiga nisbatan yaxshilangani qayd etilgan.
Ombudsman voyaga yetmagan Y.S. bilan xoli suhbat o‘tkazib, uning salomatligi, oila a’zolariga bo‘lgan ishonchi hamda kelajakda kim bilan yashashni istashi borasidagi fikrlarini eshitdi. Qiz sog‘lomlanish jarayonida bo‘lib, tana vazni oshgani va umumiy holatining barqarorlashgani ma’lum qilingandi.
Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, Y.S. psixolog bilan muntazam ishlamoqda va uning ruhiy holatida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. U hozirda posttravmatik tiklanish jarayonining faol bosqichida. Shu bois, davolanish tugagach, qizni neytral hamda xavfsiz oilaviy muhitga joylashtirish maqsadga muvofiq ekani bildirildi.
Bolaga nisbatan sodir etilgan jinoyat bo‘yicha tergov yakunlanib, ish sudga yuborilgan. Mazkur ish hozirda sud muhokamasi bosqichida.
Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan qizning manfaatlarini ta’minlash maqsadida sud jarayonida ishtirok etishi, shuningdek, qizni xavfsiz muhitga joylashtirish bo‘yicha jarayonni nazorat qilishni davom ettirishini ma’lum qildi.
Hodisa tafsiloti
2025-yil iyul oyida Angrenda to‘rt nafar yigit tomonidan voyaga yetmagan qizga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Qiz maxsus maktabda ta’lim olgan va buvisi bilan yashagan. Onasi uning hayotida ishtirok etmagan, otasi esa bo‘lmagan. Ta’kidlanishicha, qiz 2024-yil avgust–oktyabr oylarida bir necha bor zo‘ravonlikka duch kelgan. Gumonlanuvchilardan biri ham voyaga yetmagan bo‘lgan. Holat bo‘yicha jinoyat ishi joriy yilning 9-may kuni Angren shahar IIB tomonidan qo‘zg‘atilgan, tergov jarayoni esa prokuratura nazoratida davom etmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!