Jamiyat

Toshkentda havo ifloslanishiga qarshi choralar kuchaytirildi: yo‘llar namlanmoqda, favvoralar ishga tushirildi

Toshkentda havo ifloslanishiga qarshi choralar kuchaytirildi: yo‘llar namlanmoqda, favvoralar ishga tushirildi

Ekologiya va iqlim o’zgarishi milliy qo’mitasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Toshkent ko’chalari va yashil hududlarda chang ifloslanishini kamaytirish maqsadida suv sepuvchi mashinalarni ishga tushirdi. Maxsus mashinalar yo’l qoplamasini va daraxtlarni sug’orib, tabiiy changni cho’ktirishga yordam beradi va shahar havo sifatini yaxshilaydi.

Ta’kidlash joizki, Qo’mita tomonidan havo ifloslanishini kamaytirish maqsadida tezkor shtab tuzilgan bo’lib, poytaxtdagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish uchun barcha chora-tadbirlar ko’rilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yo‘l va unga yaqin maydonlarni namlash PM2.5 va PM10 zarrachalarini yerga cho‘ktirib, havoga qayta ko‘tarilishini oldini oladi. Avtomobillar harakati natijasida yuzaga keladigan “ikkinchi darajali changlanish” ham sezilarli kamayadi.

Shahar hokimligi axborotiga ko‘ra, changlanish kuchaygan kunlarda:

  • yo‘llarga suv sepish;

  • yashil maydonlarni ko‘proq sug‘orish;

  • favvoralar va mikroiqlim qurilmalarini vaqtincha ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda.

Mutaxassislar bunday usul havo sifatini bir necha soat ichida yaxshilashi mumkinligini, ammo bu faqat kompleks choralar tizimining bir qismi ekanini qayd etadi.

Hokimlikning ta’kidlashicha, havoni ifloslantiruvchi manbalarni kamaytirish uchun:

  • issiqxonalar faoliyatida reydlar o‘tkazish,

  • qozonxonalarga filtrlar o‘rnatish,

  • ekologik nazoratni kuchaytirish ishlari davom etmoqda.

Toshkent hokimligi havo ifloslanishi bilan kurash doimiy ravishda olib borilayotganini ma’lum qildi.