O‘zbekiston

Ruslardan yana bir «signal»: yozuvchi va siyosatchi Prilepin O’zbekistonni bosib olish talabi bilan chiqmoqda

Ruslardan yana bir «signal»: yozuvchi va siyosatchi Prilepin O’zbekistonni bosib olish talabi bilan chiqmoqda

Rossiyalik siyosatchi, Команды Путина a’zosi, shuningdek, yozuvchi Zaxar Prilepin Rossiya O’zbekistonni bosib olishi kerakligini aytib chiqdi. “Ria Novosti” tarqatgan videoda Prilepin ham ishtirok etgan yig’ilishni ko’rish mumkin. So’zga chiqqan siyosatchi esa Rossiyaga kelayotgan migrantlarning davlatini bosib olish kerakligini aytgan. Misol sifatida masalan, O’zbekiston. O’zbekistonni bosib olib, u yerda rus tilini o’rgatish kerak deydi, Prilepin. Uning so’zlari esa olqishlangan ham. Kiyevdagi ishlarimizdan so’ng bunga kim qarshilik qiladi, hech kim qarshilik qilolmaydi, deya qo’shimcha qilgan u.

Mavzuning eng jiddiy, qo’rqinchli va kerak bo’lsa, haqqoniy tomoni shundaki, bu gaplarni ko’chadagi oddiy rus emas, balki davlat siyosatchisidan eshityapmiz.  Rossiya davlat va nodavlat sektori vakillari, ayniqsa davlat dumasi deputatlaridan O’zbekiston suvereniteti, mustaqilligiga bo’lgan bunday hurmatsizlik vositalari ko’paysa, ko’paymoqdaki, hech kamaygani yo’q. Prilepinning gaplari ham ijtimoiy tarmoqlarning o’zbek segmentida jiddiy noroziliklarga sabab bo’lmoqda. Gap shunchaki siyosatchining ahmoqona chiqishi emas, balki ikki davlat o’rtasidagi diplomatik va siyosiy aloqalar,  xalqaro huquqning umumtanolingan normalari va ularning buzilishi, BMT Bosh nizomining qo’pol ravishda rad etilishi xususida ketmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bu faollarning keskin fikrlariga sabab bo’lib ham ulgurdi. Xo’sh, kim qanday fikr bildirmoqda?

Rasul Kusherbayev

Masalan, sobiq deputat, bugun vazir maslahatchisi bo’lib ishlayotgan Rasul Kusherbayev vaziyatda O’zbekistonning tepsa tebranmas tashqi ishlar vazirligini aybladi. Uning fikriga ko’ra, vazirlik chora ko’rib, hech bo’lmasa nota yuborishi kerak.

In’omjon Qudratov

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati In’omjon Qudratov  Prilepinga murojaat qilib, O’zbekiston mustaqil va suveren davlat ekani, uni bosib olib, til o’rgatishga hech kimning haqqi yo’qligini eslatdi. Deputatga ko’ra, siyosatchining bu gaplari jinoyatdir. O’zbekiston esa o’z mustaqilligini, suverenitetini himoya qilish, chegaralari daxlsizligini ta’minlash kuchiga ega, deydi xalq vakili   Qudratov.

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Bloger, yurist va O’zbekiston milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o’rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev esa Prilepinni “iflos” deya atadi. 2 million odami bizda ishlayaptimi, demak bizning ularni bosib olish huquqiga egamiz debdi, bu gapga  zaldagi boshqa ruslar ham gulduros qarsak chalibdi. Bu aksariyat rus amaldorlarining asl basharasi va ko‘nglidagi xohishini ko‘rsatadi. Bunaqa ahmoqlarga darhol rasmiy javob berilishi kerak, deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Eslatib o’tamiz, so’nggi bor Rossiya davlat dumasi deputati oktabr oyida davlatdan migrant o’zbeklarni quvib chiqarish talabi bilan chiqib, tanqidlar ostida qolgandi. O’zbek ijtimoiy hayotidagi faollar deputat Mixail Delyaginga javob qaytarib, Rossiya o’zbeklarni tekinga boqmayotganini eslatib qo’ygandi.