O‘zbekiston

Davlat kadastrlari palatasi ISO sertifikatsiyasidan muvaffaqiyatli oʻtdi

Davlat kadastrlari palatasi ISO sertifikatsiyasidan muvaffaqiyatli oʻtdi

Maʼlumki, sifatli xizmatni yoʻlga qoʻyish, xizmat koʻrsatish sifatini xalqaro standartlar darajasiga koʻtarish hamda korrupsion xavfni oldini olish, unga qarshi kurashish boʻyicha butun dunyoda bir qancha harakatlar amalga oshirib kelinadi.

Yoʻnalishlar boʻyicha xalqaro tashkilotlar tashkil etilgan va ular tomonidan dasturlar, standartlar ishlab chiqilgan. Oʻzbekistonda ham mazkur yoʻnalishlarga xalqaro standartlarni joriy qilish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kungacha Davlat kadastrlari palatasi markaziy apparatida konsalting tashkiloti hamda Markaziy apparat mutasaddilari tomonidan xalqaro standartlardan ISO 9001:2015 “Sifat menejmenti tizimi va talablar” mavzusida hamda ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimidan foydalanish boʻyicha talablar va koʻrsatmalar” mavzularida turli seminarlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, tizim xodimlari tomonidan standard talablariga muvofiq hujjatlar ishlab chiqildi.

Unda seminar qatnashchilariga xalqaro standartlar darajasida xizmatlarni tashkil etish va korrupsion xavfni oldini olish mavzularidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

Davlat kadastrlari palatasida integratsiyalashgan boshqaruv tizimi joriy qilinib, sertifikatni qoʻlga kiritish orqali fuqarolarga koʻrsatiladigan xizmatlarning sifatini oshirish, muammoli shikoyatlarni keskin kamaytirish hamda korrupsiya holatlarini oldini olishga erishish koʻzda tutilgan.

Tashkilotda oʻtkazilgan ichki va tashqi audit tekshiruvlaridan soʻng, Davlat kadastrlari palatasi ISO sertifikatsiyasidan muvaffaqiyatli oʻtdi va sifat hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro standartlarga muvofiqligini tasdiqladi.

Sertifikatlashtirish tekshiruvi natijalariga koʻra, Davlat kadastrlari palatasiga ISO 9001:2015 “Sifat menejmenti tizimi va talablar” hamda ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimidan foydalanish boʻyicha talablar va koʻrsatmalar” standartlariga muvofiq xalqaro va milliy sertifikatlar taqdim etildi.