Yangiliklar

Samarqandda pora olgan ikki nafar soliq inspeksiyasi xodimi 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Samarqandda pora olgan ikki nafar soliq inspeksiyasi xodimi 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
Foto: Ilyustrativ foto

Samarqand viloyatida ikki nafar soliq inspeksiyasi xodimi pora olganlikda ushlanib, sudlandi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturida maʼlum qilindi.

Taʼkidlanishicha, Samarqand tumani soliq inspeksiyasi xodimi Bulungʻur tumanida tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi fuqaroga korxonasining soliq bazasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad va ijtimoiy soliqlardan asossiz hisoblangan qarzdorlikni kamaytirishda yordam berishini aytgan.

Soliq inspeksiyasi xodimi bu uchun 1000 dollar soʻragan. Keyin esa soliqchi tadbirkorning 300 mlnga yaqin soliq va penya qarzdorligini kamaytirishda Bulungʻur tumani soliq inspeksiyasida kameral soliq tekshiruvlari shoʻbasi boshligʻi lavozimida ishlovchi tanishini sherik qilgan.

Samarqand shahridagi kafelardan birida tadbirkordan 500 dollar olayotgan vaqtda soliqchi ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudida oʻtkazilgan sud majlisida soliq inspeksiyasi xodimlariga hukm oʻqildi. Unga koʻra, har ikkisi ham Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (Pora olish tamagirlik yoʻli bilan) bilan aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.