Tarmoqlarda avtomashina haydab, yoʻl harakati qoidalarini buzib harakatlangan yigit videosi tarqaldi. U YPX xodimlari tomonidan toʻxtatganda otasi “MVD”da ishlashini aytgan va “Bekzod akaning oʻgʻillariman”, degan.
Ushbu holat boʻyicha IIV YHXBB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilgan va yigit topilgan. Maʼlum boʻlishicha, videodagi yigit 2006-yilda tugʻilgan Izzatullayev Asilbek Bekzod oʻgʻli boʻlib, bu oʻsmir mashinani hech qanday hujjatlarsiz boshqarib, qoidabuzarliklar sodir etib yurgan.
Surishtiruvlarda maʼlum boʻlishicha, qoidabuzar yigitning otasi Toʻxtayev Bekzod Izzatullayevich “Oʻzdonmahsulot” AJda ishlashi aniqlangan. Haydovchilik guvohnomasi boʻlmagan oʻsmir boshqalarga tegishli turli mashinalarni boshqarib yoʻl harakati qoidalarini buzgan va jarayonni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.
Videolardan birida u Toshkent shahridagi koʻchalardan birida mashina tezligini soatiga 176 kilometrga yetkazganini koʻrish mumkin.
Qayd etilishicha, qoidabuzarning onasiga MJtKning 47-moddasiga (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosan hujjatlar rasmiylashtirilgan va BHMning 5 barobari miqdorida jarima solingan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!