Yangiliklar

Yuk mashinalar harakati cheklanishi, AI-80 benzinining taqiqlanishi. Ekologiya vazirligi Toshkent havosining ifloslanishiga sabab boʻlayotgan omillar va uning yechimlari boʻyicha maʼlumot berdi

Yuk mashinalar harakati cheklanishi, AI-80 benzinining taqiqlanishi. Ekologiya vazirligi Toshkent havosining ifloslanishiga sabab boʻlayotgan omillar va uning yechimlari boʻyicha maʼlumot berdi

Bugungi kunda dunyoning yirik shaharlarida, jumladan, Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani kuzatilmoqda. Bunga tabiiy va antropogen omillar sabab boʻlmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi

Xususan, poytaxt atmosfera havosining ifloslanishiga quyidagi omillar taʼsir etmoqda. Jumladan:

  1. Toshkentda yashil hudud kamaygan. Jumladan, daraxtlar va butalarning kesilishiga eʼlon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan.
  1. Shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida bir necha marotaba qurilish ishlarini amalga oshirmaslik boʻyicha moratoriy eʼlon qilingan boʻlsada, qurilishlar hanuzgacha davom etmoqda.
  1. Avtotransport vositalari soni ortib bormoqda. Transport vositalarining ekologik darajasi, foydalanilayotgan yoqilgʻi va yoʻl harakatini tashkil etish sifatiga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Jumladan,Respublika boʻyicha avtomobillar soni 2021-yilda 3,14 mln donani tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilda ularning soni 4,6 mln donaga yetdi. Bugungi kunda Toshkent shahrida bir kunda oʻrtacha 730 mingta avtotransport vositasi harakatlansa, qoʻshimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelmoqda. Xalqaro standartlarga toʻgʻri kelmaydigan A-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga meʼyoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda.
  1. Shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, magistrallardagi yuklama darajasi pasaytirilmagan, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish sikli optimallashtirilmagan, yoʻl harakatini toʻgʻri tashkil etilmagan. Natijada Toshkent shahrida tirbandlik holatlari koʻp kuzatilmoqda. Tirbandlikda toʻxtab turgan avtomobil esa harakatlanayotgan avtomobilga nisbatan atmosferaga koʻproq tashlama chiqaradi.
  1. Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga boʻlgan talabi ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, koʻmir yoqilgʻisidan foydalanish hajmi ortmoqda. Xususan, 2019-yilda 3,9 mln tonna koʻmir yoqilgʻisidan foydalanilgan boʻlsa, 2022-yilda bu raqam 5,3 mln tonnaga, 2023-yil yakuniga koʻra esa 6,7 mln tonnaga yetgan. Koʻmir yoqilgʻisini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha boʻlgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar esa atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarining ifloslanishiga olib kelmoqda. Maʼlumot uchun, 10 tonna koʻmir yoqilgʻisi yoqilganida atmosfera havosiga 220 kg qurum, 360 kg oltingugurd II oksidi, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot II oksidi va 2 tonna kul chiqindisi ajralib chiqadi.
  1. Kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berish uchun mavjud Issiqlik markazlari tomonidan qoʻshimcha yoqilgʻi sifatida mazut yoqilgʻisidan foydalanish atmosfera havosining keskin ifloslanishiga hamda aholini eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazlarining 9 ta qozonxonalarida dekabr oyida 3 ming tonna mazut yoqilgʻisidan foydalanilgan.
  1. Toshkent havosi ifloslanishiga shamol yoʻnalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiatsiyasi, atmosfera yogʻinlarining miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (vertikal boʻyicha aralash zarralarning tarqalib ketishiga toʻsqinlik qiluvchi iliq havo qatlami) va boshqa tabiiy omillar ham sabab boʻlmoqda. Toshkent shahri togʻlar bilan oʻralgan va chuqurlikda joylashgan. Shu sababli shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yoʻl bilan chiqib ketmaydi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Ekologiya vazirligi tomonidan respublika hududida atmosfera havosini muhofaza qilish borasida qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha 1- va 2-toifali sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatiladi, mavjudlari rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilinadi. Shuningdek, mazkur hududlarda atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni kuzatish postlari joriy etiladi, atrof-muhit monitoringini amalga oshirish uchun esa avtomatik stansiyalar oʻrnatiladi. Bu oʻz navbatida atrof-muhit holatlarini raqamlashtirish orqali sanoat korxonalaridan chiqayotgan zararli moddalarni kuzatish, tahlil qilish, bartaraf etish va ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga imkon beradi.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida atmosfera havosiga koʻrsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif qilinmoqda:

  • “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻidan  (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlash;
  • avtotransport vositalari tirbandligini kamaytirish va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida Toshkent shahri hududida kunning tigʻiz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) yuk tashish uchun moʻljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarini harakatini cheklash;
  • 2010-yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtotransport vositalari harakatlanishini taqiqlash, avtotransport vositalari egalariga zamonaviy avtotransport vositalariga oʻtish uchun (elektro-mobil) imtiyozlar, pereferensiyalar va subsidiyalar berishni yoʻlga qoʻyish;
  • soʻnggi yillarda avtomobil yoʻllarida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni kamaytirish maqsadida tajriba tariqasida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun avtomobillarni “toq va juft” kunlarda boshqarish qoidasini joriy etish;
  • shaharning diqqatga sazovor markaziy koʻchalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil qilish;
  • jamoat transportini toʻliq elektr, gaz-ballon yoqilgʻisi va boshqa muqobil yoqilgʻi turlariga oʻtkazish, shuningdek, yoʻl infratuzilmasini tashkil etish;
  • barcha turdagi qurilish obyektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obyektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy eʼlon qilish;
  • Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlarida koʻmir yoqilgʻisidan foydalanishni taqiqlash;
  • mikroiqlim moʻtadilligini taʼminlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy taʼsir etish maqsadida sunʼiy suv havzalarini barpo etish;
  • Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan Issiqlik markazlarida zaxira yoqilgʻisi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash;
  • ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari koʻchishining oldini olish maqsadida Toshkent shahri atrofida “yashil belbogʻ”lar barpo etish;
  • atmosfera havosining sifat koʻrsatkichini doimiy eʼlon qilib boradigan tablo va monitorlar oʻrnatish.

Bugungi kunda “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda Respublikada atmosfera havosi ifloslanishini avtomatlashtirilgan tizim orqali monitoring qilish loyihasi oʻrnatilgan 8 ta avtomatik meteostansiyalarni xalqaro iQAIR portaliga integratsiya qilish boʻyicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, I bosqichda 2022-yilda Toshkent shahridagi 2 stansiya toʻliq integratsiya qilindi. II bosqichda esa 2023-yilda qoʻshimcha 6 ta (Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, Jizzax viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi) stansiya toʻliq integratsiya qilindi.

2024-yil 11-yanvar holatiga koʻra, xalqaro portalda jami 8 ta stansiya maʼlumoti berib borilmoqda. Mazkur stansiyalardagi maʼlumotlar www.iqair.com portalidan tashqari, monitoring.meteo.uz portalida ham aks etmoqda. Shu bilan birga, mazkur portalning AirUz mobil ilovasi Google Market va AppStore marketlarida ham joylashtirilgan.

III bosqichda 2024-yilning 1-yarim yilligiga qadar yana 6 ta stansiya (Toshkent, Nurafshon, Andijon, Namangan, Fargʻona, Navoiy, Buxoro hamda Qarshi) integratsiya qilinishi va yakuniy bosqichda Respublika boʻyicha jami oʻrnatilgan stansiyalar sonini 16 taga yetkazish rejalashtirilgan.