Tahlil

“Jadidlar tabiiy nonkonformistlar edi” – tahlilchilar kun tartibiga chiqarilayotgan jadidchilik haqida

“Jadidlar tabiiy nonkonformistlar edi” – tahlilchilar kun tartibiga chiqarilayotgan jadidchilik haqida

Oxirgi vaqtlarda Oʻzbekistonda jadidlar, jadidchilik harakatiga eʼtibor kuchaydi. Dastlab ular haqida toʻplamlar nashr etishdan boshlangan ishlar, keyinchalik jadidchilik tarixidan hikoya qiluvchi filmlar suratga olinishi, tashkil qilingan konferensiyalar, prezident ishtirokida oʻtgan yigʻilishda jadidlarga bagʻishlangan alohida boʻlim, vaqt va “Jadid” nomli gazeta nashr etila boshlanishi kabi ishlarga ulandi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning endilikda yangidan ishlab chiqilishi aytilayotgan milliy gʻoyasiga ham asos sifatida aynan jadidchilik, jadidlar harakati koʻrilmoqda.

Demokrat.uz muxbiri Oʻzbekistonda eʼtibor kuchaygan ana shu harakat va bu tashabbus asosida yotgan maqsad, mazmun oʻzi nimadan iboratligi haqida tahliliy suhbat oʻtkazdi. Suhbat mehmonlari tarixchi, jadidshunos Bahrom Irzayev, siyosatshunos Hamid Sodiq va jurnalist, jamiyatshunos Sardor Salim boʻldi.

 

— Oʻzbekistonda milliy gʻoyani yangilash ehtiyoji va bunga asos sifatida jadidchilik harakati qoʻyilayotganini koʻryapmiz. Sizningcha, hukumat bu tashabbus orqali nimani maqsad qilyapti? Bu yerda hukumat chindan taraqqiy sari intilib, oʻzining muammolariga fikrdosh izlanyaptimi yoki boshqa maqsadlar ham bormi?

Sardor Salim, jurnalist

— Mamlakatda jadidchilikka qiziqish uygʻonganining ikki sababi bor. Birinchidan, bunga jamiyatda ehtiyoj bor. Tashabbus shokka, larzaga tushgan jamiyatning uygʻonish reaksiyasi.

— Gʻoya, tashabbus jamiyat ichidan tabiiy oʻsib chiqyapti deb hisoblaysizmi?

— Shunga kelyapman. Birinchisida 100 yil oʻtdi va hech narsa oʻzgarmadi. Oʻzbek xalqi hali ham turgʻun va tanazzulda. Bundan chiqish uchun nima qilish kerak degan savol hammani qiynaydi?  Ayni savolni berayotgan faollar ham bor. Ular mustahkam asos yaʼni fundametni tarixdan qidirishmoqda. Tariximizga nazar solinsa, jadidlar borligi koʻrinadi. Shundan keyin faollar shu harakatini koʻtarishmoqda va bu jamiyatdan kelib chiqayotgan tabiiy talab. Lekin hozirda bu tashabbusni siyosiy elita oʻziniki qilib oldi va bu harakatdan oʻzining hukmronligini legitimlashtirish uchun foydalanmoqchi. Masalan, jadidlar islohotchi boʻlishgan edi, ular gender tenglik yaʼni ayollar masalalariga katta eʼtibor bergan. Hozir biz ham ayollar ozodligiga eʼtibor beramiz va jadidlarning davomchilarimiz degan gʻoyani bilvosita  turli xil koferensiyalar, tadbirlar orqali singdirish ketmoqda.

Hamid Sodiq, siyosatshunos

— Oʻzi har qanday gʻoya insonlarni mobilizatsiya qilish uchun ishlatiladi. Davlatni insonlarni mobilizatsiya qiladigan ikkita asosi bor. Ularning birinchisi huquq, ikkinchisi gʻoya. Biz totalitar davlat emasmiz. Agar shunday boʻlganda bu majburiy mobilizatsiya boʻlardi. Oʻzbekiston bu rasmiy respublika va oʻzini demokratiya deydi. Demokratik davlatlarda insonlarni oʻzining xohishi boʻyicha mobilizatsiya qilish kerak. Bugun milliy gʻoya SSSR chiqindixonasidan tortib chiqilgan bir narsa ekani oydinlashib qoldi, u ishlamadi, ishlamasligini bilardik ham.

Bugungi kunda jamiyatni haqiqiy mobilizatsiya qiladigan yoki hokimiyatning legitimligini oshiradigan bitta gʻoya kerak va hokimiyat vakillari jamiyatdagi rudumentlarni, yaʼni kurtaklarni qidirdi. Qani, jamiyat nima deyapti, deya. Bugun oʻzbek jamiyatida ijtimoiy tafakkurning oʻzgarishiga jiddiy taʼsir koʻrsatadigan katta qatlam jadidchilik demoqda. Kimdir uning tarixini koʻtaryapti, yana kimdir ijtimoiy-sotsial jihatlarini koʻrsatib bermoqda. Bu hokimiyatga ham juda qulay boʻldi.

Endi masala shundan iboratki, jadidchilik bu nafaqat koloniyalizm, balki mahalliy diktaturaga va oʻsha paytdagi mahalliy tiraniya ham qarshi boʻlgan. Yaʼni jadidchilikning mohiyatida tiraniyaga qarshi kurashmasak rivojlanmaymiz, degan gʻoya yotadi. Jadidlar tabiiy nonkonformistlar hisoblanadi. Bular davlatga muxolif boʻladigan va davlatning yonida konstruktiv bir boshqa balans beradigan ijobiy guruh hisoblanadi.

Masala shundan iboratki, bugungi hokimiyatni jadidchilik mavzusini koʻtarayotgani bir tomondan jadidchilikdan boshqa gʻoya yoʻqligi, ikkinchisi tomondan jamiyatga oʻzini koʻrsatish yaʼni legitimlashish imkoniyati. Lekin shu bilan birga jadidchilikning ichidagi nonkonformizmning yashirilganligi hokimiyatga yoqmaydi. Shuning uchun hokimiyat jadid biz boʻlganmiz, deb koʻrsatmoqchi. Yaʼni jadidlar jamiyatdan chiqqanlar emas, prokurorlar jadid, sudyalar jadid va.h.k. Men buni notoʻgʻri ham deyayotganim yoʻq. Shunday boʻlgan, boʻlishi mumkin va boʻlgan ham. Faqat u boshqa sharoitlar edi. Yaʼni, hokimiyat siyosiy elitaning ichidan jadidchilik belgilarini qidiryapti va bugungi ularning siyosiy tafakkuri oqimida koʻrsatib bermoqchi. Yaʼni, jadidchilar sekulyar boʻlgan, ular dindan tashqarida boʻlish yaʼni zamonaviylikni ilgari surgan, gender tenglikni ilgari surgan. Bugun oʻzlari qanday siyosat yuritayotgan boʻlsa, jadidlar ham aynan shunga mos siyosat yuritgan degan masalani koʻtarmoqchi.

“Biz jadidmiz, jadid deya jamiyatdan chiqqanlarga muhabbat qoʻymang”, – deyilmoqda. Men buni notoʻgʻri demoqchi emasman, lekin bu uzoq muddatli notoʻgʻri boʻlishi mumkin. Chunki jadidchilikning maqsadi davlatning yonida, deylik, konstruktiv jamoaning paydo boʻlishi. Davlat oʻzining harakatlanishi uchun boshqa bir nuqtaga tayanishi kerak, “Minhauzenga oʻxshab oʻzining sochidan tortib botqoqdan chiqish mumkin emas”. Demak mana shunday jarayonda hokimiyatda toʻgʻri tushunish boʻlishi kerak. Yaʼni jadidchilik deganimizda bu jamiyatning oʻzidan tabiiy oʻsib chiqayotgan, undan tashqari bir narsani taʼkidlab oʻtishim kerak, jadidchilik – mashhur soʻz shundaymi? Lekin uni biz qoʻyganmiz, biz rivojlantirganmiz va bu tarixda hamisha shunday boʻlgan. Masalan, platanistlar yoki neoplatanistlar oʻzlari bizlar neoplatanistlarmiz demagan. Bir asr oʻtgandan keyin bular neoplatanistlar deyilgan. Shuning uchun bugun jadidchilik deyapmiz, lekin jadidchilikning asosida haqiqiy, qogʻozga tushiriligan, millatni ishontira oladigan ilmiy ishlanmalar boʻlishi kerak va unga xalq ishonishi kerak. Jadidlar darsliklar yaratgan, romanlar yozishgan albatta bu romanlar dunyo asarlari darajasida boʻlmagan boʻlsada, lekin xalqda romannavislikka boʻlgan ehtiyojni sezishgan. Bugun mening nazarimda buni hokimiyatga uyqash qilish yaxshi natija bermaydi.

Intervyuni toʻliq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.