Yangiliklar

Bolalar ombudsmaniga turmushga chiqishga majburlanayotganidan shikoyat qilgan qizga himoya orderi berildi

Bolalar ombudsmaniga turmushga chiqishga majburlanayotganidan shikoyat qilgan qizga himoya orderi berildi

15-yanvar kuni Bolalar ombudsmaniga Shaxrisabz shahrida yashovchi, 2006-yilda tugʻilgan qiz M.M. dan murojaat kelib tushdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani axborot xizmati xabar berdi.

16-yanvar kuni Bolalar ombudsmani qizning oʻzini shaxsan qabul qilib, uning murojaati mazmuni bilan tanishdi. M.M. ning aytishicha, hozirda u universitetning 1-kursida oʻqimoqda va oʻqishini davom ettirish niyatida. Bir necha yildan buyon tanishi boʻlgan O.B. (yigit) unga turmushga chiqishiga undab, turli shaklda bosim oʻtkazib kelmoqda. O.B. ning va M.M. ning ota-onalari oʻzaro kelishib, qizning roziligisiz unashtiruv marosimini oʻtkazgan boʻlib, hozirda O.B. tomonidan unga turmushga chiqishga undab, ruhiy bosim oʻtkazilmoqda.

Mazkur holat Bolalar ombudsmani tomonidan alohida kuzatuvga olinib, tezkor ravishda prokuratura va ichki ishlar organlari tomonidan oʻrganildi.

Hozirda O.B. va qizning ota-onasi ayolni turmushga chiqishga majburlash harakati jinoiy javobgarlikka asos boʻlishi haqida ogohlantirilib, buning huquqiy oqibatlari tushuntirildi.

Shuningdek, M.M. ga ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi taqdim etilib, uning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tegishli choralar koʻrildi.