Uganda Oʻzbekiston bilan diplomatik aloqalar oʻrnatgan 145-davlat boʻldi, deb xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi.
18-yanvar kuni Kampala shahrida (Uganda) Oʻzbekiston va Uganda oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisida Qoʻshma kommyunike imzolandi.
Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyev va Uganda Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeje Odongo imzoladi.
Suhbat chogʻida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uganda TIV rahbari Markaziy Osiyo davlatlari bilan doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash ustuvor yoʻnalish etib belgilangan Oʻzbekistonning tashqi siyosatini hamda davlatimiz rahbari tomonidan xalqaro miqyosda ilgari surilayotgan tashabbuslarni rasmiy Kampalada yuqori baholashlarini taʼkidladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!