Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri bilan uchrashuv oʻtkazdi

Shavkat Mirziyoyev Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri bilan uchrashuv oʻtkazdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifini XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuvdan boshladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xalq yigʻinlari uyida oʻtgan uchrashuvda koʻp qirrali amaliy hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. XXR hukumati rahbari ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlari barcha soha va yoʻnalishlarda misli koʻrilmagan darajaga koʻtarilganini qayd etdi.

Oʻtgan yilda tovar ayirboshlash 50 foizga oshib, rekord koʻrsatkich – 14 milliard dollarga yetdi. Bu koʻrsatkichni, shu jumladan yuqori sifatli sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish hisobiga 20 milliard dollarga yetkazish uchun salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Xitoydan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 14 milliard dollardan oshdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Infratuzilmani modernizatsiya qilish, sanoat kooperatsiyasini, qishloq xoʻjaligida texnologiyalar transferini kengaytirish va “yashil” energetikani rivojlantirish boʻyicha alohida hamkorlik dasturlarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Xitoyning yetakchi bank-moliya institutlari bilan amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda Xitoy kompaniyalarining mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishi istiqbollari koʻrib chiqildi.

22-yanvar kuni Urumchi shahrida oʻtgan birinchi Oʻzbekiston-Xitoy hududlar forumi va sanoat koʻrgazmasi natijalari yuqori baholandi. Xitoyda shu kunlarda taʼlim forumi va Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazilayotgani qayd etildi. Tomonlar aviaqatnovlar va sayyohlik almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini taʼkidladilar.

Yakunda Prezident XXR Davlat kengashi Bosh vazirini tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif qildi.