Ekologiya vazirligi tomonidan Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent, Qibray, Yangiyoʻl tumanlarida joylashgan issiqxonalar faoliyati oʻrganilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bundan maqsad Toshkent shahri atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani, shuningdek, yuqoridagi hududlarda atmosfera havosini sezilarli yomonlashgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli murojaatlar yuzasidan ekologik monitoring oʻtkazishdir.
Taʼkidlash joizki, koʻmirdan foydalanadigan issiqxonalar atmosfera havosi ifloslanishining asosiy sabablaridan biri boʻlib qolmoqda. Oxirgi besh yilda iqtisodiyotda koʻmir isteʼmolining oʻsish surʼati 22 foizdan oshdi. Agar 2018-yilda 6,8 million tonna koʻmir ishlatilgan boʻlsa, 2022-yilda bu raqam 8,3 million tonnadan ortdi.
Monitoring davomida issiqxonalarda foydalanilayotgan yoqilgʻi turlari, yoqish qurilmalarining holati toʻliq xatlovdan oʻtkazilmoqda. Shuningdek, issiqxonalarga berilgan davlat ekologik ekspertizasining xulosalarida belgilangan meʼyorlarga rioya etilganligi oʻrganilmoqda.
Shu bilan birga, issiqxonalarda atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy tashlanma manbalardan hosil boʻladigan ifloslantiruvchi gazlarni tozalash qurilmalari oʻrnatilganligi ham tekshirilmoqda. Qolaversa, har bir issiqxonaga qonuniy tartibda faoliyat koʻrsatish lozimligi, aks holda tegishli choralar koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantirish xatlari berilmoqda.
Monitoring 31-yanvargacha davom etadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!