Yangiliklar

Poytaxtda turli uslubdagi binolar yonma-yon qurilib, shaharlarning arxitektura qiyofasi buzilayotgani aytildi

Poytaxtda turli uslubdagi binolar yonma-yon qurilib, shaharlarning arxitektura qiyofasi buzilayotgani aytildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda qurilishda loyihalashtirishni tartibga solish maqsadida Qurilish vazirligida Loyiha ofisi tuzilishi belgilandi. Ofis qiymati 10 milliard soʻmdan yuqori loyihalarni ishlab chiqish jarayonida ularning xavfsizlik va energiya tejamkorlikka javob berishini, qiymati sunʼiy oshib ketmaganini loyihachilar bilan birga baholab boradi. Shuningdek, har yili maktab, bogʻcha, tibbiyot, yoʻl, ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti kabi sohalarning har birida kamida 2-3 tadan namunaviy loyihalar ishlab chiqadi.

Bundan buyon, Loyiha ofisining tavsiyasi boʻlmagan loyiha hujjatlari davlat ekspertizasiga qabul qilinmaydi. Mutasaddilarga eskirgan 105 ta qurilish normalarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida qayta ishlab chiqish topshirildi.

Bosh prokuraturaga qurilish materiallari sohasida qazib olishdan tortib, tayyor mahsulotni isteʼmolchiga yetkazishgacha barcha jarayonlarda yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyish boʻyicha tizim yaratish vazifasi qoʻyildi. Byudjet hisobidan qilinadigan barcha xaridlar Soliq qoʻmitasining “Ye-ombor” platformasi orqali amalga oshiriladigan tartibni joriy qilish, qurilish materiallari klassifikatori elektron platformasini ishga tushirish yuzasidan ham topshiriqlar berildi.

Bugungi kunda xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarda qurilishni boshlashgacha boʻlgan jarayon oʻzi uzoq vaqt olayotgani qayd etildi. Xususan, texnik-iqtisodiy asos (TIA) ishlab chiqishga oʻrtacha bir yil sarflansa, uni xalqaro tashkilotlar talabiga moslashtirish va kelishishga besh-olti oy ketmoqda.

TIAsi ishlab chiqilmagan, aniq hisob-kitobi yoʻq loyihalarga tashqi qarz jalb qilish hanuzgacha davom etmoqda. Loyiha hujjatlari va tender shartlari puxta ishlab chiqilmasligi oqibatida pudratchilarni aniqlash jarayonlari ham choʻzilmoqda.

Bundan buyon TIAsi tasdiqlanmagan birorta loyihaga qarz jalb qilishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilandi. Shuningdek, ishlab chiqilgan TIAni kompleks ekspertiza qiladigan tizim yoʻqligi tanqid qilindi. Endilikda loyihalar TIAsi ham majburiy ekspertizadan oʻtkaziladi. Umuman, har bir loyiha va mablagʻlar natijadorligi uchun vazirlar shaxsan javobgar ekani belgilandi.

Yigʻilishda aholi uchun qulay infratuzilma, sifatli taʼlim va tibbiy xizmatlar, yuqori daromadli ish oʻrinlari hamma shaharlarda ham birdek rivojlanmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Mutasaddilar aholi punktlarining bosh rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishni oʻz holiga tashlab qoʻygani tanqid qilindi.

“Bosh rejasi bor hududlarda ham qurilish ishlari pala-partish tashkil etilmoqda, Qurilish vazirligida buni nazorat qiladigan tizim ishlamayapti”, — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, ayrim joylarda noqonuniy qurilishlar aniqlanmoqda. Oʻtgan yilning oʻzida 4 mingga yaqin bunday holat aniqlangan. Shuningdek, soʻnggi ikki yilda koʻp qavatli uylarga tutash maydonlarda 7 mingdan ortiq oʻzboshimcha qurilish boʻlgan, yana 5 mingta holatda umumiy foydalanishdagi joylarni toʻsib olingan.

Hududlarda, ayniqsa, Toshkent shahrida koʻp qavatli uylar atrofida noqonuniy avtomobillar uchun toʻxtash joylari qilib, “blokator”lar oʻrnatish avj olmoqda. Umuman, koʻchalarning yagona qiyofasiga amal qilish tizimi yoʻqligi, masalan, turli uslubdagi binolar yonma-yon qurilib, shaharlarning arxitektura qiyofasi buzilayotgani qayd etildi.