Oʻtgan yili Davlat test markazi Bilim va malakalarni baholash agentligi sifatida qayta tashkil etildi. Lekin, agentlik haligacha abituriyentlarni imtihon qilish bilan cheklanmoqda.
Shu bois, professional va oliy taʼlimda kasbiy koʻnikmalarni belgilash va ularni baholash boʻyicha yangi tizim joriy qilinadi.
Umuman, ish beruvchilarda katta ehtiyoj, talabalarda salohiyat va xohish bor. Shuning uchun kollej-texnikumlar va oliygohlarni ish beruvchilar bilan uzviy bogʻlaydigan tizim yaratiladi.
Endilikda Loyiha ofisi rahbari bir vaqtning oʻzida Kasbiy bilim va malakalarni rivojlantirish respublika kengashiga rahbar boʻladi. Bandlik vazirligi tizimidagi Mehnat tadqiqotlari instituti ham Loyiha ofisiga biriktiriladi.
Ular Oliy taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2024-yilda oʻzimizda zamonaviy konstruktor, texnolog, arxitektor, muhandis, energetik kabi ehtiyoj yuqori kasblar boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan muhit olib kirishga masʼul boʻladi.
Mutasaddilarga 1-maygacha talab yuqori 100 ta kasbni tanlab, Germaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida kasb standartlarini ishlab chiqish topshirildi.
Bunda kasbga talab ish beruvchi ehtiyojiga moslashadi. Ish beruvchilarning vakillari taʼlim muassasasida joylashishi uchun juda katta imkoniyatlar yaratiladi.
Ular bilan har bir oliygoh, texnikum va kollejda texnopark, laboratoriya va amaliy monomarkazlar tashkil etish shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Talabalar amaliyotni tashkil etilayotgan yangi korxonalarda koʻproq oʻtkazishi lozimligi taʼkidlandi.
Yangi oʻquv yilidan boshlab texnikumlarda oʻqitish “Akademik” va “Ishchi kasb” taʼlim komponentlarining uzviyligini taʼminlaydigan yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:
- kollej-texnikumning 1-2 kursidagi taʼlim dasturlari, darsliklari, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga talablar oliygohlar bilan bir xil boʻladi;
- texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni oʻzlashtirish boʻyicha toʻplangan “kreditlar” oliygohlarda tan olinadigan tizim boʻladi.
Yaʼni, kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” toʻplagan oʻquvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliygohlarning ikkinchi yoki uchinchi kurslarida taʼlimni davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Kollej-texnikumda oʻqib, faoliyatini ishlab chiqarishda davom ettirmoqchi boʻlganlarni sohadagi mavqeini oshirish boʻyicha ham yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi. Endi, kollej-texnikumda “ishchi kasb” yoʻnalishida oʻqiganlar ikki yoki uch yil ishlab, tajriba orttirganidan keyin, imtihon topshirib, “bakalavr”ga teng malaka darajasini olishi mumkin.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!