Yangiliklar

Farzandlari maktab darslarini qoldirib kelayotgan ota-onalarga “Ogohlantirish xati” yuborilayotgani boʻyicha munosabat bildirildi

Farzandlari maktab darslarini qoldirib kelayotgan ota-onalarga “Ogohlantirish xati” yuborilayotgani boʻyicha munosabat bildirildi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda farzandlari maktab darslarini qoldirib kelayotgan ota-onalarga “Ogohlantirish xati” yuborilayotgani xususida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Axborot xizmati munosabat bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, xabarlarda endilikda dars qoldirib kelayotgan oʻquvchilarning ota-onalariga “Ogohlantirish xati” yuborilishi va bu orqali ularga turli tartibdagi maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllanishi aytib oʻtilgan. Inspektor-psixologlarning asosiy vazifasi, oʻquvchilarning taʼlim-tarbiyasini tashkil etishda maktab jamoalariga yaqindan koʻmaklashish, muntazam dars qoldiruvchi oʻquvchilarning ota-onalari bilan ishlashdan iborat.

Shu maqsadda darslarga muntazam (uch oʻquv kuni va undan ortiq) sababsiz qatnashmayotgan oʻquvchilarning yashash manzillariga tezkor ravishda “Ogohlantirish xati” yuborilmoqda. Unda oʻquvchilarning ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga MJtKning 47-moddasi mazmun-mohiyati tushuntirib oʻtilgan.

Jumladan, farzandlarini tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik, bolalarning majburiy umumiy oʻrta taʼlim olishiga toʻsqinlik qilish oqibatlari boʻyicha Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining tegishli moddasiga asosan qonuniy jazo choralari keltirib oʻtilgan.

Bundan koʻzlangan maqsad, darsda ishtirok etmayotgan oʻquvchilar oila aʼzolarining masʼuliyati va javobgarligini oshirishdan iborat.