Yangiliklar

Samarqand, Qashqadaryo va Jizzaxda yer maydonlarini sotmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi

Samarqand, Qashqadaryo va Jizzaxda yer maydonlarini sotmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ishtixon tuman boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.D. fuqaro O.A.ga “E.A.” fermer xoʻjaligining 1 gektar yer maydonini firibgarlik yoʻli bilan 13 000 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Bulungʻur tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.A. fuqaro N.Q.ga 35 sotix zaxirdagi yer maydonini 24 000 AQSH dollariga kadastr hujjatlarini uning nomiga rasmiylashtirib olib berishini aytib, oldindan 11 000 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Qarshi shahar boʻlimi tomonidan IIB xodimlari hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar A.S. va S.A. “Pargʻuza” MFY hududidagi 12 sotix zaxirdagi yer maydonini fuqaro N.T.ga goʻyoki kadastr idoralarida ishlovchi tanishlari yordamida rasmiylashtirib olib berishi evaziga 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro M.X. fuqaro S.S.ning ishonchiga kirib, unga Mirzachoʻl tuman “Mirzadala” SHFYda joylashgan 6 sotix zaxiradagi yer maydonini qalbaki hujjatlar orqali oʻziniki ekanligini aytib, ushbu yer maydonini 6 400 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar orqali ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.