Yangiliklar

Sayyohlarga bir yil davomida cheklovsiz Xorazmga kirish uchun “Oʻzbekiston – mening ikkinchi uyim” viza tizimi joriy qilinadi

Sayyohlarga bir yil davomida cheklovsiz Xorazmga kirish uchun “Oʻzbekiston – mening ikkinchi uyim” viza tizimi joriy qilinadi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda Urganch shahridagi Maxsus tibbiyot industrial parkiga 50 mln dollarlik 12 ta loyiha joylashtirilishi maʼlum qilindi.

Yil yakuni bilan farmatsevtika korxonalari sonini 26 taga, mahsulot turini 50 taga yetkazish muhimligi taʼkidlandi. Umuman, aytilgan imkoniyatlardan foydalanib, viloyatga 1,5 milliard dollar sarmoya, shundan 1 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, 600 million dollar eksportni amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 11,5 trillion soʻm kredit yoʻnaltirilishi belgilandi. Bu mablagʻlarni samarali ishlatish uchun har bir tuman va shaharni kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi.

Xorazmda Xitoy tajribasi asosida “uy sanoati” rivojlantiriladi. Masalan, Bogʻot, Yangiariq, Yangibozor, Qoʻshkoʻpir va Urganch tumanlarida jun va pillani qayta ishlash salohiyati katta, Hazorasp, Xiva, Tuproqqalʼa va Xonqada qoʻl mehnati asosida gilam toʻqish ommalashgan

Ushbu tumanlarda ipakchilik va gilamchilik kooperatsiyalari tashkil qilinib, kamida 10 mingta oila oʻqitiladi. Ularga 100 million soʻmgacha garovsiz kredit beriladi. Bu tarmoqqa viloyat boʻyicha joriy yilda qoʻshimcha 100 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Prezident Xorazmni asosiy drayveridan biri boʻlgan turizmni rivojlantirish boʻyicha 3 yillik dastur qabul qilinishini aytdi. Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining tushumi 3 yil davomida Xorazmni oʻzida qoldiriladi.

Sayyohlarga bir yil davomida cheklovsiz Xorazmga kirish uchun “Oʻzbekiston – mening ikkinchi uyim” viza tizimi joriy qilinadi. Shu bilan birga, qator tumanlarda mehmonxonalar yetishmasligi qayd etildi.

Endilikda mehmonxona va dam olish maskanlarini qurish, mavjud oʻrinlarni koʻpaytirish uchun 7 yilga 2 yil imtiyozli davr bilan 18 foiz stavkada kreditlar beriladi.