Yangiliklar

Guliston shahriga hokim tayinlandi

Guliston shahriga hokim tayinlandi
Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev ishtirok etdi.

Hududdagi ahvol keskin tanqid qilingan sessiyada shaharning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida mavjud qator muammolar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar sanab oʻtildi.

Xususan, aholi murojaatlarini hal etish, obodonlashtirish boʻyicha ishlar qoniqarsizligi, shahar master rejasi oxiriga yetkazilmadi, eksport masalasida ahvol yomon ekanligi, ayniqsa qurilish ishlarida oʻzibilarchilikka yoʻl qoʻyilayotganligi keskin tanqid qilindi.

Viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev Guliston shahar hokimi lavozimiga Xodjimanov Jamoliddin Xusnuddinovich nomzodini tavsiya qilgan. Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashining qarori bilan u Guliston shahar hokimi etib tayinlandi.

Jaloliddin Xodjimanov 1987-yilda Sardoba tumanida tugʻilgan. Maʼlumoti – oliy. 2011-yil Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi buxgalteriya hisobi va audit.

U mehnat faoliyati davomida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida moliya va iqtisodiyot sohalarida turli tashkilotlarda masʼul vazifalarda ishlagan. Tayinlovga qadar Chilonzor tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari-iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

2019-yil fevraldan buyon Guliston shahri hokimi lavozimida ishlab kelgan Toʻlqinjon Dadabayev joriy yil fevral oyi boshlarida sogʻligidagi muammolar sabab oʻz arizasiga binoan lavozimdan ozod etilgan, shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarish shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Gʻayrat Botirovga yuklangan edi.