Jahon

AQSH hukumati TikTok’dan voz kechmoqda

AQSH hukumati TikTok’dan voz kechmoqda

AQSH Kongressi Vakillar palatasi mamlakatda TikTok’dan foydalanishni taqiqlovchi qonun qabul qildi. Ta’kidlanishicha, platforma Amerika xalqining axborot xavfsizligi masalasiga tahdid solmoqda.

CNN ma’lumotiga ko’ra, TikTok ijtimoiy tarmog’iga egalik qiluvchi Xitoyning ByteDance kompaniyasi o’z aksiyalaridan voz kechmasa, Amerika undan foydalanishni taqiqlovchi qonunni ijro qiladi.

Vakillar palatasida o’tkazilgan yig’ilishda qonun loyihasi Demokratlar va Respublikachilar partiyalarining 352 nafar vakili tomonidan tasdiqlangan bo’lsa, 65 kishi rad etgan. Ko’pchilikning ovozi bilan qonun qabul qilinib, Senatga yuborilgan. Agar parlament ham rozilik bildirsa, AQSH Prezidenti Jo Bayden qonun ijrosiga rozi ekanligini ma’lum qildi.

Qonun loyihasi ByteDance kompaniyasiga TikTok platformasining aksiyalarini sotish uchun 5 oy vaqt bergan. Talab bajarilmagan taqdirda, ilova barcha internet do’konlaridan olib tashlanishi kerak. Biroq ilovani o‘rnatganlar undan foydalanishda davom etishi mumkin, faqat u yangilanmaydi.

Avvalroq, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin Qo‘shma Shtatlarni TikTok’ni «yo‘qotishga» urinishda ayblab, milliy xavfsizlikka tahdidlar haqida hech qanday dalil taqdim etilmaganini isbotlagan.

Ma’lumot uchun 2022-yil dekabrida, Jo Bayden prezidentligi davrida AQSh Senati Xitoy hukumatiga ma’lumotlarni uzatishdan cho‘chib, hukumat xodimlariga federal hukumat elektron qurilmalarida TikTok ijtimoiy tarmog‘idan foydalanishni taqiqlagan edi.

TikTok Xitoy hukumatining ma’lumotlarni oshkor qilish haqidagi takliflarini rad etgan. Agar rasmiylar bilan yana shunday holat bo’lsa, kompaniya vakillari axborotni ulashmaslikni ma’lum qilgan.

ByteDance kompaniyasi Vakillar palatasi qarorini ma’qullashi kerak bo‘lgan AQSh Senati «faktlarni ko‘rib chiqishi, o‘z saylovchilarining fikrini tinglashi va iqtisodiyotga ta’sirini tushunishiga» umid qilayotganini bildirdi. Kompaniyaning aytishicha, ilovadan 170 million amerikalik foydalanadi va ularning ko’pchilik tarmoq orqali mablag’ topadi.