Yangiliklar

Namanganda qalbaki 9400 dollarning muomalaga chiqarilishiga chek qoʻyildi

Namanganda qalbaki 9400 dollarning muomalaga chiqarilishiga chek qoʻyildi
Videodan skrin

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda qalbaki xorijiy valyutalarni muomalaga chiqarishga uringan shaxslar ushlandi.

Xususan, “Namangan-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi, 1978-y.t shaxs boshqaruvidagi “Honda” rusumli avtomashina Pop tumani hududida toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, unda qalbaki 4 ming AQSH dollari borligi maʼlum boʻldi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, u mazkur qalbaki valyutalarni kelgusida sotish maqsadida Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1971-y.t., muqaddam sudlangan fuqarodan 2200 AQSH dollariga sotib olganligi aniqlandi.

Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi fuqaro qalbaki 5400 AQSH dollarini haqiqiy 3 ming AQSH dollariga ayirboshlagan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, u qalbaki valyutalarni Qirgʻiz Respublikasidagi jinoiy sheriklaridan olib kelgan. Oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida jami qalbaki 9400 AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.