Yangiliklar

Namangan xalqaro aeroportidagi boʻsh maydonda yuk terminali ishga tushiriladi

Namangan xalqaro aeroportidagi boʻsh maydonda yuk terminali ishga tushiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida oʻtkazilayotgan yigʻilishda Namangan viloyatida 129 ta noruda konidan 29 tasiga sanoat kirib bormagani aytildi. Bu konlarda yangi loyiha qilaman, degan tadbirkor koʻp. Jumladan, ular keramogranit va bazalt tola ishlab chiqarmoqchi. Bundan tashqari, Chustdagi “Alichelek” mis koniga Xitoylik investorlar 200 million dollar sarmoya kiritishga tayyor.

Viloyatdan qoʻshni davlatlarga eksportning hozirgi koʻrsatkichlari bor imkoniyatga mutlaqo toʻgʻri kelmasligi koʻrsatib oʻtildi. Qoʻshni davlatlarda savdo uylarini ochish boʻyicha muzokara oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

Viloyat sanoat mahsuloti va meva-sabzavoti asosan Toshkent va Andijon orqali eksport boʻlayotgani tannarxning oʻsishiga olib kelayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga Namangan xalqaro aeroportidagi boʻsh maydonda yuk terminalini ishga tushirish, Namanganni Qamchiq dovoniga yaqin hududida logistika markazini tashkil etish, Nanay qishlogʻi hududidagi sobiq “Karvon” bojxona nazorat maskani faoliyatini tiklash topshirildi.

Qirgʻiz tomoni bilan kelishilgan holda “Uchqoʻrgʻon” bojxona postini ishga tushirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi. Chegara posti yaqinida Xitoylik hamkorlar bilan “Uchqoʻrgʻon-Kensay” logistika markazini barpo etish rejalashtirilgan.

Viloyat Norin va Sirdaryodan suv oladi, 2 ta magistral kanal va 9 ta suv ombori mavjud. Lekin, Namanganning gidroenergetikadagi salohiyati ishga solinmagan edi.

Kecha Norin daryosida GESlar kaskadi qurilishiga start berildi. Bu yerda 228 megavattli 6 ta stansiya yiliga 1 milliard kilovatt elektr chiqaradi. Kelgusi yilda Katta Andijon kanalida 51 megavattli “Qoʻgʻay-1,2”, “Beshqoʻrgʻon-1,2” kichik GESlar kaskadi ham ishga tushadi.

Shu yili Popda 1 ming megavattli 2 ta quyosh elektr stansiyasi barpo qilinadi. Bu ham 2,2 milliard kilovatt elektr, degani. Natijada viloyat oʻz ehtiyojini toʻliq qoplab, yiliga 2,5 milliard kilovatt elektr eksport qiladi.

Prezident qishloq xoʻjaligi tarmoqlariga alohida toʻxtaldi. Namanganda suv manbalari serob boʻlgani bilan, suv tejovchi texnologiyalarni birinchi navbatda shu hududda joriy qilish shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Joriy yilda 60 ming gektarda suv tejovchi texnologiyani joriy qilish va 40 ming gektarni lazerli tekislash yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatma berildi. Shuningdek, viloyatdagi kanallarni betonlash, “Chorkesar”, “Zarkent” va “Isparon” suv omborlarini qurish, “Chust” va “M-2” kanalini taʼmirlash masalalari koʻrib chiqildi.