O‘zbekiston

Bu yil bahorda “Yashil makon” loyihasi doirasida 125 million tup ko‘chat ekish belgilangan

Bu yil bahorda “Yashil makon” loyihasi doirasida 125 million tup ko‘chat ekish belgilangan

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo’lib o’tayotgan videoselektorda ayrim tumanlarda ko’chat ekish rejasi 30 foizga ham bajarilmagani qayd etildi.

Ma’lum bo’lishicha, bu yil bahorda “Yashil makon” loyihasi doirasida 125 million tup ko‘chat ekish belgilangan.

Lekin, aksariyat viloyat va tumanlarda daraxt ekadigan joylar haligacha belgilanmagani, sug‘orish va ko‘chatga pul ajratilmagani tanqid qilindi.

Masalan, bog‘ uchun Qoraqalpog‘istonda 47 gektar, Namanganda 25 gektar va Qashqadaryoda 26 gektar ajratilib, ishlar boshlab yuborilgan. Lekin Andijon, Buxoro, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari haligacha qaror qabul qilmagan.

Ayniqsa, Taxiatosh, Mirzacho‘l, Zafarobod, Sharof Rashidov, Baxmal, Sirdaryo, Oqoltin, Xovos, Sardoba, Guliston, Yangiyo‘l tumanlari, Xonobod, Guliston, Termiz, Yangiyo‘l shaharlari, Toshkent shahrining 12 ta tumanida ko‘chat ekish rejasi 30 foizga ham bajarilmagan.

Avtomobil va temir yo‘l bo‘ylari, daryo va kanal yoqalarida, mahallada, ko‘chada, ko‘p qavatli massivlarda daraxt va gul ekish, ozodalikni taʼminlash ishlari sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qurilish tashkilotlari, sement, g‘isht, ohak, neft-gaz va kimyo, bo‘yoq, charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, issiqlik korxonalari, yoqilg‘i quyish shoxobchalari o‘z faoliyati bilan atrof-muhitga ko‘rsatayotgan taʼsiriga yarasha daraxt ekish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatmayotgani qayd etildi.

Umuman, daraxt ekishni ommalashtirish, umummilliy harakatga aylantirishda targ‘ibot va tushuntirish ishlari yetarlicha olib borilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.