O‘zbekiston

Har 1 gektar uchun mahalliy byudjetdan 100 million so‘m ajratiladi

Har 1 gektar uchun mahalliy byudjetdan 100 million so‘m ajratiladi

Davlatimiz rahbari “Yashil makon” doirasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Toshkent viloyatida daraxt ekish bo‘yicha boshlangan loyihaga ko‘ra, Nurafshon, Bekobod shahri, O‘rtachirchiq, Toshkent va Ohangaron tumanlari hududidan 34 gektar yer 30 yil muddatga obodonlashtirish boshqarmalariga beriladi. Har 1 gektar uchun mahalliy byudjetdan 100 million so‘m ajratilib, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinadi. Yer tayyor holga keltirilib, daraxt ekish xohishi bor aholiga o‘zi istagan turdagi ko‘chatni ekishi uchun sharoit yaratiladi.

Bu tashabbus maʼqullanib, har bir viloyatda kamida 20 gektardan yer ajratib, ushbu tajribani boshlash topshirildi. Viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlaridagi kamida 2 tadan markaziy ko‘chada mahalliy iqlimga mos gul ko‘chatlarini ekib, ularni tematik ko‘chaga aylantirish muhimligi taʼkidlandi.

Bahor mavsumida mahallalarda va ko‘p qavatli uylar atrofida, yo‘llar va kanallar bo‘yidagi yerlarga daraxt ekish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Poytaxtda amal qilayotgan yirik qurilish loyihalarida maydonning kamida 30 foiziga daraxt ekish majburiyati barcha viloyatlarda joriy qilinishi belgilandi.

Ekologiya vazirligiga “Mening bog‘im” loyihasini ishga tushirish topshirildi. Bunga byudjetda nazarda tutilgan 50 milliard so‘m ajratiladi. Joylarda 444 ta yashil bog‘ va 160 ta jamoat parklarini tashkil qilishga ko‘rsatma berildi.