Kecha, 4-aprel kuni soat 15:30 larda Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani “Mustaqillikning 27 yilligi” MFY hududidan o‘tgan avtomobil yo‘lida 2002-yilda tug‘ilgan G.A. Cobalt avtomashinasini boshqarib ketayotib, quvib o‘tish qoidasini buzgan va o‘z yo‘nalishida qarshisidan kelayotgan haydovchi A.B. boshqaruvidagi Damas bilan to‘qnashgan. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Damas avtomashinasi to‘qnashuv oqibatida boshqaruvni yo‘qotgan va o‘zi bilan bir yo‘nalishda yonma-yon kelayotgan 1990-yilda tug‘ilgan N.X. boshqaruvidagi Moskvich-412 rusumli avtomashinasiga borib urilgan.
YTH oqibatida Cobalt haydovchisi A.G. “Bosh chanoq suyagining yopiq sinishi, ko‘krak qafasining ezilishi”, Damas haydovchisi A.B. “Bosh chanoq suyagining hamda o‘ng yelka va o‘mrov suyaklarining yopiq sinishi”, Damas yo‘lovchisi 1995 yilda tug‘ilgan A.O. “Chap oyoq boldir suyaklarining yopiq sinishi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, Cobalt haydovchisi G.A. va Damas haydovchisi A.B.lar shifoxonada vafot etgan.
Holat yuzasidan Xo‘jaobod tumani Ichki ishlar boshqarmasi Tergov bo‘linmasi xodimlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!