Yangiliklar

Dam olish kunlari mamlakat boʻylab yomgʻir yogʻishi kutilmoqda

Dam olish kunlari mamlakat boʻylab yomgʻir yogʻishi kutilmoqda

Bugun kunduzi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida baʼzi joylarda asosan jadalligi biroz boʻlgan yomgʻir yogʻadi, ayrim joylarda momaqaldiroq bilan kuzatiladi. Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.

Oʻzbekistonning qolgan hududlarida kun davomida yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat kechga tomon respublikaning markaziy viloyatlarida baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻadi, momaqaldirok boʻladi. Harorat 20-23 daraja, janubda 27 darajagacha boʻladi.

Ertaga 6-aprel kuni Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Fargʻona vodiysi viloyatlarida baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida baʼzi joylarda yomgʻir faqat kechasi va ertalab yogʻadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida yogʻingarchilik kutilmaydi.

Havo harorati biroz pasayadi va 15-18 daraja atrofida boʻladi. 7-aprel kuni Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha quruq va asosan kam bulutli ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Havo harorati yana 20-23 darajagacha koʻtariladi.

Kechalari harorat asosan 7-12 daraja boʻladi. 5-6-aprel kunlari respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatiladi.

Togʻli hududlarda 5-6-aprelda vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik (yomgʻir, baland togʻlarda qor) boʻladi, 6-aprelda baʼzi joylarda kuchli boʻlishi mumkin. Qor koʻchishi xavfi saqlanib turadi. Togʻ oldi va togʻli hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Poytaxtda 5-aprel kechga tomon va 6-aprelda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi va shamol 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. 7-aprelda yogʻingarchilik kutilmaydi.

Harorat 5 va 7-aprel kunlari 20-23 daraja, 6-aprel-shanba kuni 15-17 daraja boʻladi. Harorat kechalari 7-12 daraja atrofida boʻladi.