Surishtiruvlar natijasida jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi giyohvand moddani sherigi bilan sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, xodim va uning sherigi qamoqqa olingan.
2024-yil 3-mart IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan Angren shahrida “Qoradori-24” tadbiri o‘tkazilgan.
Tadbirda Angren shahar IIB TQH jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili R.Yu. boshqaruvida bo‘lgan Cobalt mashinasi ko‘zdan kechirilganda 4 dona qog‘oz o‘ramda bo‘lgan giyohvand moddaga o‘xshash saqichsimon modda topilgan.
2024-yil 4-aprel kuni o‘tkazilgan sud-kimyoviy ekspertizasi xulosasida ushbu modda gashish giyohvand moddasi ekani aniqlangan.
Holat yuzasidan R.Yu. va fuqaro Sh.J.ga nisbatan Angren shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi, 3 qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tezkor xodim va uning sherigiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.