Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo’mitasi majlisida O’zbekistonning Misr, Isroil, Eron va Afg’onistondagi elchilarining hisobotlari eshitildi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko’ra, eshituvlar joriy yil 18-yanvar kuni bo’lib o’tgan selektor yig’ilishida mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi ustidan parlament nazorati tadbirlari doirasida tashkil etildi. Bunda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bo’yicha «yo’l xaritalari»da nazarda tutilgan investitsiya loyihalari va savdo bitimlarining o’z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash masalalari muhokama markazida bo’ldi.
Ta’kidlanganidek, Eron bilan birgalikda umumiy qiymati 362 mln dollarlik 46 ta investitsiyaviy va savdo bitimini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ushbu investitsiyalarning jalb etilishi oziq-ovqat va qurilish sanoati korxonalarini, mintaqalarning kommunal infratuzilmasini modernizatsiya qilishni boshlash, shuningdek, yangi sanoat korxonalarini ishga tushirish imkonini berdi.
O’zbekistonning Isroildagi elchixonasining bevosita ko’magida 18,8 million dollarlik 4 ta investitsiya loyihasi va 14,5 million dollarlik 15 ta eksport shartnomasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bundan tashqari, senatorlar Yaqin Sharqda avj olgan harbiy harakatlar paytida mamlakatimiz fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash va ularni evakuatsiya qilish borasida diplomatik missiyaning salmoqli ishlarini alohida ta’kidladi.
O’zbekistonning Misrdagi elchixonasining sa’y-harakatlari bilan mamlakatimizga umumiy qiymati 4,2 million dollarlik gepatit «C» va «B»ga qarshi 40 tonna dori vositalari bepul yordam tariqasida yetkazib berildi.
Afg’onistonga eksport hajmi o’tgan yilning mos davriga nisbatan (756,2 million doll) 100,4 million dollarga, ya’ni 113,3 foizga oshgan.
Keng muhokama davomida diplomatik missiyalarning ustuvor vazifalari ko’rib chiqildi, tasdiqlangan «yo’l xaritalari»ni amalga oshirish uchun mas’ul vazirlik va idoralar faoliyati natijadorligiga baho berildi, respublikamizning xalqaro tashabbuslari va iqtisodiy manfaatlarini ifodalash, shuningdek, xorijda mamlakatimiz fuqarolarining huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatning ustuvor yo’nalishlari belgilab berildi.
O’zbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga ular faoliyati samaradorligini oshirish bo’yicha batafsil tavsiyalar berildi va aniq vazifalar belgilab olindi.
Majlis yakunlari bo’yicha qo’mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!