Madaniyat

Florensiyada “Oʻzbekiston: sahrodagi avangard” koʻrgazmasi ochildi

Florensiyada “Oʻzbekiston: sahrodagi avangard” koʻrgazmasi ochildi

Bugun, 16-aprel kuni Florensiyadagi Uffitsi galereyasi Pitti saroyida “Oʻzbekiston: sahrodagi avangard” koʻrgazmasining ochilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekiston: sahrodagi avangard” ko‘rgazma loyihasining Florensiya bo‘limi “Nur va rang” deb atalib, unda Turkistonda 1917-yilgacha ijod qilgan rus Sharq ixlosmandlaridan boshlab Oʻzbekistonda shakllangan milliy rangtasvirchilik maktabi namoyandalari bilan yakunlangan XX asrning birinchi yarmi san’atidagi Markaziy Osiyo qiyofasiga e’tibor qaratilgan.

XX asrning birinchi yarmidagi dramatik tarixiy jarayonlar asnosida Oʻzbekiston turli millat va ijodkorlik dunyoqarashlariga mansub rassomlar uchun hayot va ijod maskani, shuningdek, bitmas-tuganmas ilhom manbaiga aylanadi. Mintaqadagi badiiy paradigmalarning o‘zgarishi, umuman olganda, sovet san’atining davrlarga taqsimlanishiga to‘g‘ri keladi. Turkiston avangardi, deb nomlanuvchi (ko‘rgazma kuratorlari uning o‘rniga kengroq va inklyuziv bo‘lmish “Avanguardia Orientalis” atamasini taklif qilgan) hodisa sharqonalilik oʻrniga kelgan, asta-sekin va majburiy ravishda sotsialistik realizmning mafkuraviy koʻrsatmalariga javob beradigan rangtasvirga oʻrnini bo‘shatib beradi. Shunga qaramasdan, o‘lka tabiati, me’morchilik va kundalik turmushni idrok etish va bo‘yoqlarda yetkazish uchun zarur bo‘lgan “nur va rang”ning tasviriy madaniyati san’atdagi turli-tuman g‘oyalar orqali taraqqiy etib, mazmunan yanada boyitilib boradi.

“Nur va rang” ko‘rgazmasida mazkur mavzularga turlicha yondashuvlarni namoyish etuvchi rangtasvir asarlar taqdim etilgan. Rassomlarning “Avanguardia Orientalis” avlodi: Nikolay Karaxan, Nadejda Kashina, Yelena Korovay, Mihail Kurzin, O‘rol Tansiqboyev, Oganes Tatevosyan, Usto Mo‘min (Aleksandr Nikolayev), Viktor Ufimtsev, Aleksandr Volkovga e’tibor qaratiladi. Ularning asarlarida modernistik rangtasvir uslubi Markaziy Osiyo xalq amaliy san’ati an’analari va O‘zbekistonning tabiiy rang-barangligi bilan maroqli muloqotga kirishadi.

Ertaga, 17-aprel kuni Venetsiyadagi Ka Foskari universitetining ko‘rgazmalar maydonida “Shakl va ramz” ko‘rgazmasining Venetsiya qismi o‘z ishini boshlaydi.