Jahon

Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytiradi

Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytiradi
Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari Bryusseldagi sammitda Isroilga hujumi uchun Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytirishga qaror qildi. Bu haqda sammit bayonotda aytiladi.

“Biz Eronga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishga qaror qildik, bu biz yubormoqchi bo‘lgan aniq signaldir”, deydi Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel.

Kengash prezidentining aytishicha, Eron xalqaro izolyatsiyaga tushib qolishi kerak. Hujjatdan kelib chiqqan holda, cheklov choralari dron va raketalarga ham tegishli bo‘ladi.

Mishel hali yangi sanksiyalar tafsilotlarini to‘liq ochiqlamagan.

“Yevropa Kengashi Eron va uning ishonchli tomonlarini har qanday hujumlarni to‘xtatishga chaqiradi, shuningdek, barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlikka va mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi har qanday harakatlardan tiyilishga chaqiradi”, deyiladi yakuniy bayonotda.

Eslatib o’tamiz, Joriy yilning 1-aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga uyushtirgan havo hujumi oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi. Shundan so’ng, 14-aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi.