Jamiyat

Havoni me’yoridan ortiq ifloslantirgan 303 mashina haydovchisi jarimaga tortildi

Havoni me’yoridan ortiq ifloslantirgan 303 mashina haydovchisi jarimaga tortildi

Mashinasi havoni me’yoridan ortiq ifloslantirgan 303 haydovchi jarimaga tortildi.

“Toza havo” oyligi davomida 10 – 24 aprel kunlari 58 822 ta avtomobil ekologik nazoratdan o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Tadbir davomida:

  • 518 ta mashina atmosferani me’yoridan ortiq ifloslantirayotgani aniqlandi;
  • 303 haydovchi jami 50,1 mln so‘m jarimaga tortildi;
  • 222 ta transport vositasi harakati vaqtincha to‘xtatildi.

“Toza havo” oyligining 1-bosqichi 10-maygacha davom etadi.

Ma’lumot uchun, «Toza havo» oyligi «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida» hamda «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi qonunlar ijrosini ta’minlash maqsadida 2 bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich 10-apreldan 10-maygacha, ikkinchi bosqich 10-avgustdan 10-sentabrgacha (Toshkent shahrida 10-sentabr-10-oktyabr) davom etadi.

Tadbir davomida respublika barcha hududlaridagi yo‘l-patrul maskanlarida, viloyat, tuman (shahar)larning markaziy ko‘chalarida benzin, dizel, tabiiy siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanadigan avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ekologik nosoz deb topilgan transport vositalari haydovchilariga tegishli choralar ko‘rilib, nosozlik bartaraf etilmaguncha transport vositasidan foydalanish taqiqlanadi.