Buxoroda bolasini beshikka bog‘lagancha kaltaklab kelgan ayolga nisbatan jinoyat ishi ochildi
Shofirkon tumanida ayol 5 yoshli bolasini 1,5 yildan ortiq vaqt davomida beshikka bog‘lagan holda kaltaklab, qiynab kelgani aniqlandi. Holat bolalar ombudsmani nazoratiga olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida ayol kichik yoshdagi bolasini beshikka bog‘lagancha qiynab, kaltaklab kelgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati.
Bu bo‘yicha ombudsmanga murojaat va video kelib tushgan. Unda S.N. (ayol) kichik yoshdagi farzandini 2 yildan beri kaltaklab, qiynab kelayotgani bayon etilgan.
Tuman ichki ishlar organlari olib borgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, S.N. 5 yoshli farzandini beshikka bog‘lagan holda tayoq va boshqa jismlar bilan muttasil ravishda uzoq vaqt davomida (2022-yil martidan 2023-yil noyabrigacha) kaltaklab, qiynab kelgan.
Holat yuzasidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi, “a,v” bandlari (Voyaga yetmagan, ojiz ahvoldaligi ayon bo‘lgan shaxsni qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.