Jahon

Ozarbayjonda uch politsiyachi va bir fuqaro otib o‘ldirildi

Ozarbayjonda uch politsiyachi va bir fuqaro otib o‘ldirildi

24-iyun kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrining Xazar tumani Shuvalan qishlog‘ida bir necha bor sudlangan, qidiruvda bo‘lgan Rovshan Allohverdiyevni qo‘lga olishga urinish paytida otishma sodir bo‘ldi.

Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasining xabar berishicha, Allohverdiyev qurolli qarshilik ko‘rsatib, uch politsiyachi va bir fuqaroni o‘ldirgan.

Xabarda aytilishicha, u o‘z oila aʼzolarining orqasiga yashirinishga uringan va politsiyaga “Lankaster” qurolidan o‘q uzgan.

“Otishma sodir etgan shaxs politsiyaning javobi natijasida halok bo‘ldi”, — deyiladi bayonotda. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kyecha kechqurun Dog‘istonda Maxachqalʼa va Derbentdagi pravoslav cherkovi, sinagoga va politsiya xodimlariga hujum uyushtirildi, natijada yigirmaga yaqin odam halok bo‘ldi. Dog‘iston rahbari Sergey Melikov bir kechada “15 dan ortiq politsiyachi” va bir necha tinch aholi hujumlar qurboni bo‘lganini aytdi.