«Sirdaryo suv ta’minoti” AJ Guliston shahar filialining 3 nafar xodimlarida noma’lum zaharlanish holati kuzatildi. Bu haqda “O‘zsuvta’minot” AJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 27-iyun kuni soat 10:00 da Sirdaryo viloyatining Guliston shahri “Bog‘ishamol” MFY Guliston ko‘chasida joylashgan 5-oqova suv haydash nasosining stansiyasidan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tezkor murojaat kelib tushgan. Unga ko‘ra, mazkur obyektda “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ Guliston shahar filialining 3 nafar xodimlarida noma’lum zaharlanish holati kuzatilgani va ahvoli og‘irlashgani haqida xabar berilgan.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida ularning biri H.I. vafot etgan va qolgan ikki nafar xodim Z.B. hamda X.A. viloyat shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlarga ko‘ra, ularning ahvoli o‘ta og‘ir darajada.
“Holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi. “O‘zsuvta’minot” AJ jamoasi marhumning yaqinlariga chuqur hamdardligini bildiradi”, deyilgan xabarda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!