Jahon

Shavkat Mirziyoyev Shushadagi nutqida G‘azo va Afg‘oniston masalasiga to‘xtaldi

Shavkat Mirziyoyev Shushadagi nutqida G‘azo va Afg‘oniston masalasiga to‘xtaldi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning Armaniston ishg‘olidan ozod qilingan Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitida nutq so‘zladi. Davlat rahbari o‘z nutqida savdo va transport yo‘llarini rivojlantirish, iqlim o‘zgarishlariga qarshi birgalikda kurashish kabi masalalar qatorida G‘azo va Afg‘oniston mavzusiga to‘xtaldi.

“Ushbu sammitimiz global xavf va xatarlar ortib, o‘zaro ishonch inqirozi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda o‘tmoqda. Bunday murakkab vaziyatda azaliy qardoshlik ruhidan kuch olayotgan aloqalarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Shu maʼnoda, bugungi yig‘ilishimiz “Transport, o‘zaro bog‘liqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish” shiori ostida o‘tayotgani dolzarb ahamiyatga ega”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar o‘rtasidagi umumiy o‘zaro tovar aylanma hajmi 27 foizga oshgani, bunday yuqori o‘sish surʼatlari joriy yilda ham kuzatilayotganini taʼkidladi. “Uni bardavom saqlab qolishdan manfaatdormiz”, – dedi.

Tashkilot hududi iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mintaqalardan biri ekaniga urg‘u qaratgan O‘zbekiston yetakchisi vazirlar darajasida Turkiy ekologiya kengashini tuzish hamda mazkur tuzilma qarorgohini ekologik ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud – Orolbo‘yidagi yirik shahar Nukusda joylashtirishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev G‘azo masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“To‘qqiz oydan buyon G‘azo sektorida kechayotgan qonli urush oqibatlari bizni chuqur qayg‘u va iztirobga solmoqda. To‘qnashuvlar 40 mingga yaqin aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar hayotiga zomin bo‘lganini hech bir sabab va bahona bilan oqlab bo‘lmaydi”, – dedi u.

O‘zbekiston prezidenti zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatishga, tinchlik jarayonlarini tezroq boshlashga chaqirdi.

“Mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni taʼminlashning eng asosiy shartidir”, – deya taʼkidladi.

“Ko‘p millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afg‘onistondagi vaziyat xalqaro hamjamiyat eʼtiboridan chetda qolib ketmoqda. O‘zbekiston afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatishni bundan buyon ham davom ettiradi.

Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonning xorijdagi “muzlatilgan” moliyaviy aktivlarini qaytarish mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni yumshatishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

“Yangi voqelik sharoitida Afg‘oniston masalasi bo‘yicha Tashkilotimiz aʼzolarining umumiy va yakdil yondashuvlarini ishlab chiqish masalalari tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarida asosiy muhokama mavzusi bo‘lishi lozim”, – dedi u.