Jahon

Donald Trampga suiqasd. Nimalar maʼlum?

Donald Trampga suiqasd. Nimalar maʼlum?

Pensilvaniya shtatining Butler shahrida saylovoldi tashviqoti vaqtida AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampga o‘q uzildi. Hodisa vaqtida bir kishi halok bo‘ldi, ikki kishi yaralandi. Xavfsizlik kuchlari hujumchini otib tashladi. AQSH prezidenti Jo Bayden va mamlakatning bir qancha sobiq rahbarlari siyosiy zo‘ravonlikni keskin qoraladi va otishma sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bergan maxfiy xizmatlarga noroziligini bildirdi.

Namoyishdan olingan videoda bir nechta o‘q ovozlari eshitiladi, ulardan biri Trampning qulog‘iga tegadi va bir soniyadan so‘ng yerga egiladi, xavfsizlik xodimlari – Maxfiy xizmat u tomonga shoshiladi. Bir daqiqalardan so‘ng sobiq prezident qo‘lini musht qilib ko‘targan holda o‘rnidan turadi va uni sahnadan olib chiqib ketishadi.

Federal qidiruv byurosi Trampni otgan shaxs Butlerdan 70 kilometr uzoqlikdagi Baytel-Parkdan bo‘lgan 20 yoshli Tomas Metyu Kruk ekanini maʼlum qildi.

Tomas Kruk kim edi?

Huquq-tartibot idoralari jinoyat joyidan AR uslubidagi yarim avtomat miltiqni topdi, dedi Associated Press agentligiga tergov bilan tanish bo‘lgan shaxs. 2010-yillardan beri ushbu turdagi qurol Qo‘shma Shtatlarda ommaviy “otishmalar” – tinch aholiga qarata o‘q otish paytida ko‘p marta ishlatilgan.

Maxfiy xizmatning bildirishicha, hujumchi, bir namoyish ishtirokchisi halok bo‘lgan va yana ikki tomoshabin yaralangan. Huquq-tartibot idoralari vakillari jurnalistlarga hujum sabablarini hali aniqlamaganliklarini aytishdi.

Federal qidiruv byurosiga ko‘ra, gumonlanuvchi yolg‘iz o‘zi harakat qilgan va huquq-tartibot idoralari uning qandaydir mafkura bilan aloqadorligini hali aniqlagani yo‘q.

Amerika matbuotining yozishicha, Tomas Krukning mashinasi va uyidan shubhali narsalar, ehtimol portlovchi qurilmalar topilgan.

Namoyish joyi yaqinida topilgan Kruk mashinasida shubhali narsalar aniqlangani haqida, xususan, Amerikaning CBS telekompaniyasi xabar bergan. Uning maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu buyumlar portlovchi moddalar bo‘yicha ekspertlar tomonidan tekshirilgan. So‘rov natijalari haqida hozircha maʼlumot yo‘q.

Wall Street Journal gazetasi, Associated Press agentligi va CNN telekompaniyasi huquq-tartibot idoralariga tayanib, Krukning Pitsburg chekkasidagi uyidan ham portlovchi moslamalar topilganini xabar qildi.

“O‘q menga o‘ng qulog‘imning tepasidan tegib o‘tdi”, dedi Tramp keyinroq o‘zining TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida.

CBS News voqea sodir bo‘lganidan taxminan uch soat o‘tgach, sobiq prezident allaqachon kasalxonani tark etganini maʼlum qildi.

Bayden sabablar yuzasidan xulosa chiqarishga shoshilmaslikka chaqirdi.

AQSH prezidenti Jo Bayden o‘z vatandoshlarini Donald Trampni otib tashlagan shaxsning sabablari bo‘yicha ayblov va xulosalarga shoshilmaslikka chaqirdi.

“Barchaga murojaat qilaman: iltimos, uning sabablari yoki siyosiy mansubligi haqida taxminlar qilmang. FQB va uning hamkor agentliklari bu ishni qilsin”, dedi Bayden yakshanba kuni sobiq prezident va Baydenning noyabrdagi saylovlardagi bo‘lajak raqibiga suiqasddan keyingi vaziyat haqida qisqacha brifingda.

Tramp lageridagi ko‘plab respublikachilar suiqasddan so‘ng bunga Trampning barcha gunohlarda sobiq prezidentni ayblagan Demokratik partiyadagi raqiblari tomonidan yaratilgan umumiy muhit sabab bo‘lganini taʼkidlashdi.

Ayni paytda, Amerika matbuotining yozishicha, Tramp va uning saylovoldi namoyishi ishtirokchilariga qarata o‘q uzgan 20 yoshli Tomas Kruks rasman Respublikachilar partiyasi tarafdori sifatida ro‘yxatga olingan.

Jo Bayden brifingda Trampning xavfsizligi kuchaytirilishini, shuningdek, dushanba kunidan boshlab Tramp prezidentlikka nomzod sifatida rasman ko‘rsatiladigan Respublikachilar partiyasi namoyishlari xavfsizligi kuchaytirilishini bildirdi.

«Men Maxfiy xizmat rahbariga barcha xavfsizlik choralarini ko‘rib chiqishni topshirdim», dedi Bayden.

Bundan tashqari, AQSH prezidenti Pensilvaniyadagi saylovoldi tashviqoti namoyishida Tramp va uning tarafdorlariga suiqasd bo‘yicha mustaqil tergov o‘tkazishga buyruq berganini maʼlum qildi.