Jahon

Urush Rossiya demografiyasiga zarba bermoqda

Urush Rossiya demografiyasiga zarba bermoqda

Rossiya Davlat Dumasi deputati va Oila masalalari qo‘mitasi rahbari Nina Ostaninaning so‘zlariga ko‘ra, «maxsus operatsiya» Rossiyada tug‘ilish darajasi va bolali oilalarning hayot sifatiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Shuningdek, u 2024-yilning birinchi yarmida tug‘ilish ko‘rsatkichlari 2023-yilga nisbatan yomonroq ekanligini taʼkidladi.

Davlat Dumasida bo‘lib o‘tgan «Rossiya Federatsiyasida bolali oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash: demografik vaziyatga taʼsiri» mavzusidagi davra suhbatida Ostanina Rossiyadagi demografik inqiroz nafaqat ichki, balki global muammolardan ham kelib chiqqanini taʼkidladi.

“Bugun biz maxsus operatsiya tug‘ilish darajasi va bolali oilalarning hayot sifati bilan bog‘liq vaziyatga o‘zining noxush hissasini qo‘shganiga jim qarab turolmaymiz. Shuning uchun men ushbu sohadagi mutaxassislardan takliflarni eshitmoqchiman”, – dedi Ostanina.

Shuningdek, u ota bo‘lishi mumkin bo‘lgan erkak ko‘ngillilarning harbiy harakatlarga safarbar etilishi va ishtiroki tug‘ilish darajasiga salbiy taʼsir ko‘rsatishini taʼkidladi.

«300 000 safarbar qilingan odamlar va bir xil miqdordagi ko‘ngillilar bugungi kunda bola tug‘ilishi nuqtai nazaridan juda jiddiy resurs bo‘lgan yigitlardir», – deya qo‘shimcha qildi u.

Davlat Dumasi spikeri o‘rinbosari Anna Kuznetsova davra suhbatida 2024-yilning birinchi besh oyida Rossiyada aholining qisqarishi 282 ming kishini tashkil etgani, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 45 ming kishiga ko‘p degan maʼlumotlarni taqdim etdi. Tug‘ilgan bolalar soni 2,1 foizga kamayib, 501 ming nafarni tashkil etgan, tug‘ilish koeffitsiyenti 1,4 nafarni tashkil etdi. Ajralishlar soni nikohlar sonidan 3,5 foizga oshgan.

Avvalroq Nina Ostanina Rossiya hukumatini fuqarolarni Ukrainadagi urushdan avf etilganidan keyin qaytayotgan sobiq mahbuslardan himoya qilish choralarini ko‘rishga chaqirgan edi. Ostanina ularning ko‘pchiligi yana jinoyat sodir etishini taʼkidladi.