Jinoyat

Farg’onada advokatlar 50 ming dollar pora bilan ushlandi

Farg’onada advokatlar 50 ming dollar pora bilan ushlandi

Fargʻonada 2 nafar advokat suddagi tanishlari orqali jazoni oʻzgartirib berish evaziga 50 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.

Fargʻona shahridagi advokatlik firmalarida ishlovchi 2 nafar advokat oʻzaro til biriktirib, 2023-yilda sud hukmi bilan 6 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumga nisbatan boʻlgan jinoyat ishini viloyat sudi tomonidan taftish tartibida koʻrish davomida, unga nisbatan tayinlangan jazoni sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jazoga oʻzgartirib berish evaziga 50 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent shahridagi advokatlik firmasining muqaddam bir necha marotaba sudlangan advokati Ichki ishlar vazirligining Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyatning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida aniqlangan 12 mlrd. so‘m miqdoridagi zararning 6 mlrd. so‘mini prokuratura va ichki ishlar organlaridagi tanishlari yordamida jabrlanuvchi foydasiga undirib berish evaziga 100 ming AQSH dollari talab qiladi. Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘idan 50 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, advokatning mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan hamkasbi va muqaddam prokuratura organlarida ishlagan tanishi ham 50 ming AQSH dollaridan 30 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ushlandi.

Samarqand shahridagi advokatlik firmasining muqaddam sudlangan advokati Oqdaryo tumanida yashovchi fuqaroning turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy nikohini bekor qilishda sud tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.