Monitoring tashriflarning 56 tasi jazoni ijro etish koloniyalari, 71 tasi tergov hibsxonalari, 93 tasi vaqtincha saqlash hibsxonalari, 28 tasi Maxsus qabulxonalar, 17 tasi reabilitatsiya qilish markazlari, 23 tasi narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiallari, 28 tasi ruhiy-asab kasalliklari shifoxonalari, 36 tasi “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, 61 tasi mastlik holatidagilarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari va 8 tasi tuman (shahar) Ichki ishlar bo‘limlarida o‘tkazilgan.
Monitoring tashriflari davomida 3,0 mingga yaqin mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy hamda 1585 ming nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.
Tashriflarda ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarni yashash, ovqatlanish, mehnat qilish sharoitlari hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, saqlanayotgan shaxslar uchun olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi va boshqa shu kabi holatlar o‘rganildi.
Monitoring tashriflari davomida bir qator salbiy holatlar va tizimli kamchiliklar aniqlandi. Ushbu kamchiliklar yuzasidan 6 oyda Ombudsman tomonidan mutasaddi va tegishli vazirlik va idoralarga 5 ta talabnoma, 5 ta taqdimnoma, 8 ta xulosa va 2 ta tahliliy axborotlar kiritildi.
Shuningdek, Ombudsman tomonidan Oliy Majlis palatalariga 4 ta tahliliy maʼlumot taqdim etildi.
Ombudsman tomonidan kiritilgan taʼsir choralarini ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi eskirgan, bemorlarni saqlash va davolashda antisanitar holatga kelgan Narkologiya dispanseri Nukus tumanida joylashgan bo‘sh binoga ko‘chirildi va bemorlarga qulay sharoitlar yaratildi.
Monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklarni bo‘yicha harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda ishlovchi 50 nafar xodimga hayfsan berildi, 2 nafar xodim maʼmuriy javobgarlikka tortildi, 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Jumladan, Sirdaryo tumani “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi, Qo‘qon “Muruvvat” internat uyi, Andijon tumani “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyiga amalga oshirilgan monitoringlar davomida 3 nafar xodimi bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 35 nafar xodimiga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan va 2 nafar xodim maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqalʼa tumani 2-son ruhiy asab kasalliklari dispanseri va Farg‘ona viloyat 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasining 6 nafar, Qashqadaryo viloyatidagi shahar, tuman vaqtincha saqlash hibsxonalaridagi faoliyat yurituvchi 9 nafar ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Andijon viloyati Psioxonevrologiya dispanserining 1 nafar xodimi ishdan bo‘shatilgan.
Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, Jizzax shahar hamda Do‘stlik tumanidagi vaqtincha saqlash hibsxonalari, Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi VSʼH kapital, Samarqand viloyatidagi VSʼH joriy taʼmirlandi. Nurafshon shahar va Toshkent tumani VSʼHlaridagi taʼmirtalab holatga kelgan kamera va sayr qilish xonalari to‘liq taʼmirlandi. Navoiydagi 36-son Manzil-koloniyasidagi mahkumlarning umumiy soni uchun kichiklik qiladigan oshxona o‘rniga 300 o‘ringa mo‘ljallangan barcha qulayliklarga ega bo‘lgan oshxona qurilib, foydalanishga topshirildi. Buxorodagi 4-son tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlar uchun yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv xonalari qurilmoqda.
Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasini zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlanmagani, davolanuvchilarga kiyim-kechak va boshqa kerakli jihozlar ajratilmagani va boshqa aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Nazorat rejasi tasdiqlanib, ijro etilmoqda.
Qolaversa, Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida joylardagi mutasaddi organlar va tashkilotlarning vakillari bilan hamkorlikda tibbiy ko‘rik, sayyor qabullar hamda boshqa maʼrifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, hisobot davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm va Samarqand viloyatlarida hududlardagi sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan hamkorlikda tor doiradagi oliy toifali shifokorlar jalb qilinib, 5600 nafardan ortiq mahkum va mahbuslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tgan mahkumlarning 440 nafari Toshkent shahridagi 23-son mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashgan kasalxonaga yuborilgan.
Shuningdek, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida mahkumlar o‘rtasida “Zakovat” intelektual o‘yinlari hamda “Kinokarvon” loyihasi doirasida maʼnaviy va maʼrifiy ruhdagi uchrashuvlar o‘tkazildi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Navoiy va Namangan viloyatlaridagi mintaqaviy vakillari va viloyatlardagi “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda ushbu hududlardagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar kasb-hunarga o‘rgatilmoqda. 2024-yilning 1-yarim yilligida 800 nafardan ortiq mahkumlar kasbga o‘rgatilib, ularga sertifikatlar berildi.
Endi mahkum va mahbuslar murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalariga to‘xtalamiz. Hisobot davrida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan 1 271 ta murojaat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning shu davriga nisbatan 16 %ga kamaygan.
Murojaatlarning 483 tasi pochta aloqa xizmati, 22 tasi sayyor qabul, 17 tasi Ombudsman qabuli, 200 tasi fuqarolar qabuli, 198 tasi “Ombudsman qutisi”, 344 tasi elektron tarzda va 7 tasi Ombudsmanning “Ishonch telefoni” orqali kelib tushgan.
Murojaatlarda sud hukmi, surishtiruv va dastlabki tergov harakatlaridan norozilik, sud hukmini yengillashtirish, muddatidan oldin ozod etish va (yoki) afv etish, ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazilganligi yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi, Ombudsman bilan uchrashuv, boshqa muassasaga o‘tkazish, oila aʼzolariga ko‘mak berish, tibbiy yordam ko‘rsatish, sud majlisida Ombudsman Kotibiyati xodimining ishtiroki va boshqa masalalar ko‘tarilgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, 24 nafar jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 13 nafari davolanish uchun kasalxonalarga joylashtirildi.
7 nafar mahkumga jazo muddatining o‘talmay qolgan qismini yengilrog‘iga almashtirishida yoki muddatidan ilgari shartli ozod etilishida, 5 nafariga amaldagi intizomiy taʼsir chorasini muddatidan avval rag‘batlantirish tariqasida yechilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.
2 nafar mahkum yashash joyiga yaqin bo‘lgan jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkazilgan.
Manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning 6 nafar voyaga yetmagan farzandlariga bola nafaqasi puli olishda va 5 nafar mahkumning oila aʼzolariga joylardagi mahalliy hokimliklar ko‘magida moddiy yordam ajratilishiga erishildi.
Ombudsman nomiga 2024-yil 1-yarim yilligida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi yuzasidan 95 ta shikoyat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilning shu davrida 125 tani tashkil etgan.
Shikoyatlarning 8 tasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsman murojaatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi belgilangan. 35 tasi esa o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmadi.
Ombudsmanning nazorat xatiga ko‘ra, 1 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
52 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Alohida taʼkidlash joizki, ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar o‘rganilib Ombudsman rasmiy saytida 10 ta munosabat bildirilgan va mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman talabnomalari kiritilgan.