Jamiyat

Air Samarkand aviakompaniyasi Jidda yo’nalishida birinchi yo’lovchi reysini amalga oshirdi

Air Samarkand aviakompaniyasi Jidda yo’nalishida birinchi yo’lovchi reysini amalga oshirdi

2024-yil 30-iyul kuni Air Samarkand A321neo samolyotida Samarqand – Jidda yo‘nalishida birinchi yo‘lovchi reysini amalga oshirdi. Ushbu parvoz aviakompaniya faoliyatida yangi bosqichni ochdi.

Samolyot Samarqanddan 0:05 da uchib, Jidda (Saudiya Arabistoni)ga birinchi 188 nafar yo‘lovchini mahalliy vaqt bilan soat 3:10 da yetkazib berdi. Aynan ushbu shahardan ziyoratchilar an’anaviy tarzda musulmon olamining muqaddas shaharlari – Makka va Madinaga yo‘l olishadi. Samolyot kelganidan ikki soat o‘tgach, Samarqandga qayta uchib ketdi. Shu kuni Samarqanddan soat 15:00 da jo‘nab, Jiddaga mahalliy vaqt bilan 18:20 da yetib boradigan yana bir reys rejalashtirilgan. Kelgusida aviakompaniya har seshanba kuni ikkita reysni amalga oshiradi.

Air Samarkand aviakompaniyasining Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro aeroportga birinchi reyslari O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aviatsiya aloqalarini rivojlantirishdagi muhim qadam hisoblanadi. Yangi yo‘nalishning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston musulmonlari orasida ham muhim voqea bo‘lib, islom olamidagi aziz va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishning qulay yo‘lini taqdim etadi.

Jidda – Arab dunyosining haqiqiy marvarididir. Bu Saudiya Arabistonining ikkinchi yirik shahri va “iqtisodiy poytaxti”dir. Ziyorat bilan bir qatorda, bu shahar sayyohlik yo‘nalishi sifatida ham katta qiziqish uyg‘otadi: Qizil dengiz sohilida hashamatli mehmonxonalar, plyajlar va savdo markazlariga ega Kornish kurorti joylashgan. Qirol Fahdning afsonaviy favvorasi ham shu yerda hamda YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Al-Baladning tarixiy kvartalida marjon toshidan yasalgan an’anaviy binolar saqlanib qolgan.

Ta’kidlash joizki, Air Samarkand aviakompaniyasi nafaqat Jiddaga, balki Madinaga ham reyslarni rejalashtirgan — ular 2024-yilning avgust oyida Samarqanddan Airbus A330 samolyotida yo‘lga qo‘yiladi. Reyslar EasyBooking agentligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Air Samarkand kompaniyasi bosh direktori Zafar Butayev shunday dedi: “Biz yo‘lovchilarimizga sayohat va ma’naviy rivojlanish uchun yangi imkoniyatlarni taqdim eta olganimizdan faxrlanamiz. Kompaniyamizning yangi reyslari O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi. Va biz barcha reyslarimizda yuqori darajadagi qulaylik va xavfsizlikni ta’minlashga intilamiz. Air Samarkand’ni tanlaganlari uchun hurmatli mijozlarimizga minnatdorlik bildiramiz!”

“Air Samarkand Jiddaga Samarqanddan parvozlarni boshlaganidan xursandmiz. Air Samarkand bilan hamkorlik O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi yirik aeroport bilan aloqasini yanada rivojlantirishga va tashrif turizmining o‘sishiga yordam beradi”, – deya ta’kidladilar JEDCO bosh direktori, janob Mazen Djoxar va Air Connectivity dasturining bosh direktori, janob Majid Xan.

“Markaziy Osiyodagi muhim mavqega ega O‘zbekiston Saudiya Arabistoni uchun hali yetarli darajada qamrab olinmagan bozor hisoblanadi. Biz “Air Samarkand” aviakompaniyasini Jiddada qutlaymiz va Saudiya Arabistonining kashf etilmagan mo‘jizalarini o‘zbekistonlik sayyohlar bilan baham ko‘rishni intiqlik bilan kutamiz”, – dedi Saudiya turizm boshqarmasining Yevropa va Amerika bo‘yicha Prezidenti janob Hazim Alhazmi.

Birinchi reys yo‘lovchilari aeroportda ro‘yxatdan o‘tish jarayoni, aviakompaniya xizmati va umuman parvoz haqida ijobiy fikr aytib, bort kuzatuvchilarning g‘amxo‘rligini va Air Samarkand reyslarida taqdim etilgan halol taomlarga yuqori baho berishdi.

Air Samarkand jadal rivojlanishini davom ettirmoqda va marshrut tarmog‘ini muntazam ravishda kengaytirmoqda. Saudiya Arabistoniga yangi reyslardan tashqari, aviakompaniya Airbus A321neo va A330-300 samolyotlarida Istanbul, Sharm al-Shayx va Nyachangga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshiradi.