Jahon, Siyosat

Xoniyaning o‘limida gumon qilinganlar hibsga olindi

Xoniyaning o‘limida gumon qilinganlar hibsga olindi

Eron poytaxti Tehronda HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishida gumon qilinayotgan 20 kishi hibsga olindi. Bu haqda “The New York Times” Eronning ikki nafar mulozimiga tayanib, xabar berdi.

“Eron HAMAS yetakchisining o‘ldirilishiga olib kelgan muhim xavfsizlik buzilishiga javoban yigirmadan ortiq shaxsni, jumladan yuqori martabali razvedka zobitlari, harbiy amaldorlar va Tehrondagi harbiylar tomonidan boshqariladigan mehmonxona xodimlarini hibsga oldi”, deyiladi nashr xabarida.

Tergov hujjatlari bilan tanish bo‘lgan ikki nafar eronlik rasmiyga ko‘ra, hibsga olinganlarga keng ko‘lamli va chuqurlashtirilgan tergov ishlari boshlangan.

Xoniya va uning qo‘riqchilaridan biri Tehrondagi qarorgohga qilingan hujumdan so‘ng halok bo‘lgandi. Bir nechta OAVda uning raketa hujumi uyushtirilishi ortidan vafot etgani yozilgan edi. Keyinroq, Xoniya Eron poytaxtidagi o‘zi istiqomat qilayotgan mehmonxonaga yashirincha olib kelingan hamda o‘rnatilgan portlovchi qurilma ishga tushishi oqibatida halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy HAMAS harakati siyosiy byurosi rahbari Tehronda o‘ldirilgani uchun Isroil qattiq jazoga tortilishini aytdi.