Niger Kievni terrorchi guruhlarni qoʻllab-quvvatlashda ayblab, Ukraina bilan diplomatik munosabatlarni uzayotganini bildirdi. Avvalroq Mali hukumati ham xuddi shunday qarorni e’lon qilgandi.
Niger hukumati Mali hukumati va xalqi bilan toʻliq birdamliligini e’lon qilib, Ukraina bilan diplomatik munosabatlarini uzishini hamda ushbu qaror darhol kuchga kirishini ma’lum qildi.
Niger hukumatining rasmiy vakili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashidan Ukraina «tajovuzkorligi»ni muhokama qilish uchun maxsus yigʻilish oʻtkazishni soʻrash niyatida ekanligini ma’lum qildi.
France -24 nashrining yozishicha, Niger va Malini davlat toʻntarishi natijasida hokimiyatga kelgan harbiy hukumatlar boshqaradi. Koʻp oʻtmay, bu ikkala davlat ham Frantsiya bilan mudofaa shartnomalaridan voz kechdi va harbiy yordam soʻrab Rossiyaga murojaat qildi.
5-avgust kuni Malining oʻtish davri hukumati Ukraina bilan diplomatik munosabatlarni uzish toʻgʻrisidagi qarorni e’lon qilgandi. Bunga Ukrainaning Senegaldagi elchisi avvalroq Malida jangarilar hukumat qoʻshinlari va Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi yollanma askarlariga uyushtirilgan hujumda Kievning aloqadorligini tasdiqlagani sabab boʻldi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!