Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev 2023-2024-yilgi oliy ta’lim bitiruvchilariga oid hisobotni taqdim etdi.
Ma’lum qilinishicha, bu yil oliy ta’limni tamomlagan bitiruvchilar soni 214 ming nafarga yetgan. Shuning 88 ming nafari shartnoma asosida korxona va tashkilotlarda rasman ishlamoqda. Qolgani ishga joylashganicha yo‘q. Bandlik vaziri Behzod Musayevning aytishicha, 95 ming nafar bitiruvchining ish masalasi hal qilinadi.
Unga ko‘ra, o‘tgan o‘quv yilini tugatgan 214 ming nafar bitiruvchining to‘liq ro‘yxati Oliy ta’lim vazirligidan olingan va bandlikka oid ma’lumotlar bazasi bilan solishtirilgan.
Shuning 41 foizi, ya’ni 88 ming nafari hozirgi kunda korxona va tashkilotlar tomonidan yagona milliy mehnat tizimi orqali mehnat shartnomasi asosida qabul qilingani aniqlangan. Qolgan 59 foizi, 126 ming nafar bitiruvchi hali ish topmagani ma’lum bo‘lgan.
«95 ming nafar bitiruvchilarni 102 mingta bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirish imkoniyati borligi aniqlangan. Hozirgi kunda biz har bir bitiruvchini tuman, shahar kesimida o‘zi turadigan joyiga qarab, avgust oyida ularni ishga joylashtirish bo‘yicha nomma-nom ish olib boramiz», – dedi Bekzod Musayev.
Musayevning aytishicha, bugungi kunda yagona milliy mehnat tizimi orqali vakansiyalar bazasida 139 ming korxona va tashkilotlarning 358 mingta bo‘sh ish joyi haqidagi ma’lumot joylashtirilgan. Shundan 81 mingtasi davlat tashkilotlari, 277 mingtasi esa xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bo‘sh ish o‘rinlarining:
96 mingtasi xizmat ko‘rsatish;
56 mingtasi ta’lim;
57 mingtasi sanoat va ishlab chiqarish;
48 mingtasi qishloq xo‘jaligi;
26 mingtasi sog‘liqni saqlash;
32 mingtasi qurilish;
5 mingtasi moliya va sug‘urta;
7 mingtasi aloqa va axborot texnologiyalari;
4 mingtasi madaniyat va boshqa sohalarga to‘g‘ri keladi.
Ishga joylashmagan yoshlarning muammosini hal qilish uchun avgust-sentyabr oylarida tizim tashkilotlari bilan ish olib boriladi
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!