Oliy Majlis Senatning ellik beshinchi yalpi majlisida «Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ushbu hujjatda huquq-tartibot idoralari xodimlari faoliyatiga oid tasvirlarni «obro‘sizlantirish maqsadida» tarqatganlik uchun javobgarlikni nazarda tutilgandi. Senatorlar qonunni ma’qullanmadi va qayta qo‘rib chiqish uchun qaytardi. Endi parlament palatalarining kelishuv komissiyasi tuziladi.
Eslatib o‘tamiz, qonun loyihasi 2023-yil 28-noyabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingandi.
Qonunda huquq organlari xodimlarining foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun 50 BHM (17 mln so‘m) jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Doniyor G‘aniyev va Bobur Bekmurodov ham bu normani ochiqlik siyosatiga zid deb baholagan edi.
Doniyor G‘aniyevning fikricha, agar shunday me’yor qabul qilinsa, bu – fuqarolarning ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bo‘lgan “hurmati o‘rnini qo‘rquv, ishonchini shubha, sevgisi o‘rnini nafrat egallashiga xizmat qiladi”,
“Ertaga ular mana shu normani suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquqlarini buzish uchun boshqa maqsadlarda foydalanishlari va ularga qo‘pol munosabatda bo‘lishlari mumkin”, – degandi G‘aniyev parlamentdagi muhokamada.
Bobur Bekmurodovning fikricha, rivojlangan davlatlarning tajribalari yetarli asos bo‘la olmaydi.
“Chunki bu davlatlarda bunday cheklovlar bo‘lishi bilan birga, har bir fuqaro xohlagan paytda o‘sha politsiya xodimining bodikamerasidagi tasvirini olish huquqi ham kafolatlangan. Bizda esa bu qonunda bu kafolat kiritilmagan.
Bundan tashqari, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, MJtKning 202-2-moddasida shaxsni obro‘sizlantirish maqsadida unga tegishli axborotlarni tarqatishni cheklaydigan normalar bor. Bu – huquqni muhofaza qilish idoralariga ham tegishli. Ya’ni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar uchun alohida norma belgilashda mantiq yo‘q”, – deya ta’kidlagandi deputat o‘z videomurojaatida.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!