Jamiyat

Endi keksalar jamoat transportidan bepul foydalanadi

Endi keksalar jamoat transportidan bepul foydalanadi

Senatning 55-yalpi majlisida “Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari hamda ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘” degan ezgu g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, mamlakatimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi, shuningdek, uning huzurida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ish boshladi.

Shu munosabat bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligining vakolatlari, shuningdek aholini qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan qatlamlariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam turlarini qonun hujjatlarida aniqlashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Mazkur hujjat bilan ayrim qonunlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklash, uning xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilash, shuningdek fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etish bilan bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmaydi.

Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish huquqi berilmoqda.

Qonun bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘qolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasi yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmoqda.

Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga homiylik qilish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritilishi belgilanmoqda.

Mazkur Qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamlarining manzilli va samarali ijtimoiy himoya qilinishini kuchaytirish, shuningdek ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda ularning sifatini oshirishga xizmat qilishi senatorlar tomonidan alohida qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.