Xabaringiz bor, respublikamiz boʻylab “Yashil makon” loyihasining bahorgi mavsumiga start berilib, mahallalar, koʻp qavatli uylar hamda markaziy koʻchalar atrofiga turli koʻchatlar ekilmoqda hamda ularning parvarishi taʼminlanmoqda.
Milliy gvardiya masʼullari tomonidan ham “Yangi Oʻzbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” shiori ostida belgilangan hududlarda ushbu jarayon uzluksiz tashkil etilmoqda.
Jumladan bugun keng jamoatchilik vakillari bilan bir qatorda Milliy gvardiya xodimlari tomonidan mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek, odamlar koʻngliga xush yoqadigan va yoqimli ifor taratadigan rayhon, lavanda, gultojixoʻroz, xrizantema singari gullar maʼmuriy binolar atrofiga, yoʻl boʻylariga, kanallar yoqalariga ekildi.
Mahallalarda daraxtlarning qurigan shoxlari kesilib, atrof koʻkalamzorlashtirildi.
Shuningdek hududlarda Milliy gvardiya bogʻlari yaratilib gujum, katalpa, klyon, akatsiya, Yapon soforasi, kashtan, chinor, qaragʻoch, bodom daraxtlari nihollari, terak qalamchalari, turfa xushboʻy gullar ekilib ularning parvarishi taʼminlanmoqda.
Bunday saʼy-harakatlardan koʻzlangan asosiy maqsad – xalqimizga xos ezgu fazilatlarni qadrlash, ezgulikni yoshlar qalbiga singdirish, qishloq va shaharlar, mahallalarni koʻrkam koʻrinishga keltirishdan iborat.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!