Jinoyat

Toshkent viloyatida nomaʼlum shaxs boshliq xonasiga 5 ming dollar tashlab ketdi

Toshkent viloyatida nomaʼlum shaxs boshliq xonasiga 5 ming dollar tashlab ketdi

Toshkent viloyatida nomaʼlum shaxs Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish boʻlimi boshligʻining xizmat xonasida nomaʼlum shaxs tomonidan qoldirib ketilgan fayl papka ichidan 5 ming dollar chiqdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea 16-avgust kuni sodir boʻlgan. Boʻlim boshligʻining xizmat xonasida qoldirib ketilgan papka xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning ichida 5000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻi borligi aniqlangan.

Holat boʻyicha zudlik bilan viloyat boshqarma boshligʻi va boshqa masʼul xodimlar guvohligida dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda xizmat tekshiruvi oʻtkazish boʻyicha zarur ishlar amalga oshirilgan.

“Mavjud vaziyat Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarovaning shaxsan nazoratiga olindi hamda holat boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrnatilgan tartibda xabardor qilindi. Ayni vaqtda zarur surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Taʼkidlanishicha, Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Nazokat Urazova halolligi uchun vazirning tegishli buyrugʻi asosida lavozim maoshining 3 barobari miqdorida moddiy ragʻbatlantirilgan.