Yangiliklar

Jamoat joyida «maska» taqib yurganlar jarimaga tortilyapti

Jamoat joyida «maska» taqib yurganlar jarimaga tortilyapti

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida roʻmol oʻragan va matodan niqob taqqan ayol jamoat joyida yuzini berkitib yurgani uchun jarimaga tortildi. Gazeta.uz jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudining 7 avgustdagi qarorini oʻrganib chiqdi.

Sud hujjatida qayd etilishicha, 2024 yil 2 avgust kuni soat 11:51 lar atrofida Zangiota tumani, Amir Temur mahallasi Mustaqillik koʻchasida fuqaro M.A.ga (ayol) jamoat joyida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan koʻrinishda harakatlanib kelgani yuzasidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Sud majlisida M.A. 2023 yil sentabr oyida Zangiota tumanidagi mebel sexida ishchi vazifasida ishlab kelishini maʼlum qilgan. 2024 yil 2 avgust kuni soat 11:50 da ayol tumanning Mustaqillik koʻchasida joylashgan oziq-ovqat doʻkoniga non va qattiq mahsulotini xarid qilish uchun yuzida «maska» (sud qarorida aynan shunday yozilgan – tah.) taqilgan holatda ketayotgan vaqtida IIB xodimlari toʻxtatib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatini soʻragan. Ayol ularga changli sexda ishlashi, changga allergiyasi borligi sababli niqob taqib yurishini aytgan.

Sud hujjatida qayd etilishicha, ayol IIB xodimlariga changga allergiyasi borligi haqida hech qanday hujjati yoʻqligini, jamoat joyida niqob taqib yurish mumkin emasligini bilmasligini maʼlum qilgan. U ishdan shoshib chiqqani sababli niqobini yechmagani uchun uzr soʻragan.

Ayol sudda oilaviy sharoiti ogʻirligi, voyaga yetmagan farzandlari borligi, yolgʻiz ayol ekanini bildirib, suddan unga nisbatan yengillik berishni soʻragan.

Sud ayolning koʻrsatuvini tinglab, «maʼmuriy ish hujjatlarini atroflicha oʻrganib chiqib, huquqbuzarning aybi maʼmuriy ish hujjatlarini koʻzdan kechirib, bayonnoma, fotojadvallar, tushuntirish xatlari hamda ishdagi boshqa obʼektiv dalillar bilan oʻz isbotini topgan» degan xulosaga kelgan.

Sud ayolni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 184-4-moddasida (Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan koʻrinishda boʻlish) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga ushbu kodeksning 33-moddasini (Yengilroq maʼmuriy jazo chorasining qoʻllanilishi) qoʻllab, bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravari miqdorida, yaʼni 1 700 000 soʻm jarima jazosini tayinladi.

Mazkur holatga sud qarori yuzasidan izoh olish uchun Ichki ishlar vazirligi va Oliy sud matbuot xizmatiga quyidagi savol bilan yuzlandi: «Karantin paytida jamoat joyida «maska» taqmaganlar jarimaga tortilayotgan edi. Oradan 4 yil oʻtib, jamoat joyida «maska» taqqanlar shunday jazolanyapti. Bunga sabab nima?»

Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov IIB xodimlari «maska» taqqan fuqaroni nega toʻxtatgani va maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirganiga izoh berishni istamadi.

Oliy sud matbuot xizmati boshligʻi Aziz Obidov esa quyidagicha javob berdi: «Ushbu sud qaroriga faqatgina yuqori turuvchi sud huquqiy baho berishi mumkin. Yuqori turuvchi sud instansiyasi muayyan bir sud qaroriga faqatgina taraflar tomonidan shikoyat yoki protest keltirsagina huquqiy baho berishshi mumkin. Bu holatda agarda tomonlardan shikoyat kelib tushsa, viloyat sudi oʻz vakolati doirasida ushbu sud qarorini oʻzgartirish yoki kuchda qoldirishi mumkin. Agarda ushbu sud qaroriga eʼtiroz boʻlsa, taraflar Toshkent viloyati sudiga shikoyat yoki protest kiritishi mumkin».

Maʼlumot uchun, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 184-4-moddasi, yaʼni jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini toʻsgan holda boʻlish BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 300 ming soʻmdan 4 mln 950 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Bunda quyidagilar mustasno:

  • tibbiy koʻrsatmaga asosan yoki yoʻl-transport harakatida xavfsizlikni taʼminlash uchun kiyiladigan maxsus bosh kiyimda boʻlish;
  • mehnat va xizmat faoliyati bilan bogʻliq hollarda yuzini toʻsgan holda boʻlish;
  • sport va madaniy tadbirlarni oʻtkazish vaqtida ushbu tadbirlar ishtirokchilarining yuzini toʻsgan holda boʻlish;
  • qonunchilikda toʻgʻridan-toʻgʻri ruxsat etilgan boshqa holatlarda yuzini toʻsgan holda boʻlish.