Rossiya Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Elena Dibova Rossiyada kuryer va taksi haydovchilarini taqiqlashni hamda ushbu sohalarda ishlaydiganlarni harbiy zavodlarga yuborishni taklif qildi. Amaldor ayol oʻz tashabbusini «mamlakatda davlat mudofaa buyurtmasini bajaradigan hech kim yoʻq»ligi bilan izohladi. Ushbu sohalarda asosan mehnat muhojirlari ishlaydi.
Rossiya amaldorlari birinchi marta asosan mehnat muhojirlari ishlaydigan kuryerlik va taksichilik kabi sohalarda band boʻlganlarni harbiy zavodlarga yuborishni taklif qilayotgani yoʻq. Oʻtgan yilning bahorida Tatariston sanoat va savdo vaziri Oleg Korobchenko ham xuddi shunday tashabbus bilan chiqqan edi. “Kuryerlar, taksi haydovchilari va pitsa yetkazib beruvchilarning ulkan armiyasi oddiy kasb-hunar egallashi va fabrikalarimizda ishlashi uchun hamma narsani qilishimiz kerak”, degan edi u. Amaldorning ta’kidlashicha, respublikadagi korxonalar 4 ming ishchiga muhtoj va bu ehtiyoj oʻsishda davom etmoqda.
Iyul oyida Vladimir Putin ham sanoatdagi kadrlar etishmovchiligi muammosini hal qilish uchun hukumatdan 2028-yilga qadar 1 millionga yaqin “koʻk xalatlilar”ni tayyorlashni talab qilgan edi. Bundan tashqari, prezident kollej va texnikumlarning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish, kasb-hunar ta’limi tizimini mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish zarurligini ta’kidladi.
Oʻtgan yil oxirida Rossiya Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot instituti 2023-yil oxirida Rossiyada kadrlar yetishmovchiligi 4,8 million ishchini tashkil etganini ma’lum qilgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!