Anneksiya qilingan Qrim “qonunchiligiga” tegishli tuzatishlar kiritilgan. Unga ko‘ra, Rossiyaning bunday fuqarolari “Federatsiyasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan joyi va yashash manzilidan qat’i nazar” Qrimda yer olish imkoniga ega bo‘ladi. Tegishli “qonun” rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun o‘tgach kuchga kiradi.

Rossiyaning “TASS” axborot agentligiga ko‘ra, shu paytgacha Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun Qrimdagi yer uchastkalarini faqat anneksiya qilingan yarim orol aholisi olishi mumkin bo‘lgan.

Rossiya armiyasini safarbarliksiz to‘ldirishga urinmoqda

Bloomberg yozishicha, Rossiya front chizig‘idagi eng ko‘p yo‘qotishlarini o‘z vaqtida to‘ldira olmayapti. Ukraina armiyasining Kursk viloyatidagi operatsiyasi Moskvaning mudofaa zaxiralari yetishmasligini ochib tashladi. Shartnomali askarlar uchun to‘lovlar sezilarli darajada oshganiga qaramay, Rossiya hududlari chaqiruv kvotalarining o‘rtacha uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini bajarmayapti. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi va Kremlga yaqin manbalar ma’lum qilgan.

Shu munosabat bilan ular yil oxirigacha Rossiyada yangi safarbarlik e’lon qilinishi ehtimolini istisno qilmagan. Bu, ehtimol, frontdagi harbiylarning “rotatsiyasi” niqobi ostida amalga oshirilishi mumkin.

Hozircha Rossiya qamoqxonalaridan mahbuslarni urushga jalb qilishda davom etmoqda, Kursk viloyatida esa muddatli harbiy xizmatchilarni shartnomalar tuzishga majburlamoqda.

“Rossiya, shuningdek, yuqori maosh va fuqarolikni va’da qilib, global Janub mamlakatlari fuqarolarini urushga faol jalb qilmoqda. Ukrainaga asir tushgan bunday xorijliklar va’dalarga zid ravishda frontga jo‘natilganini aytgan”, deyiladi xabarda.